UIPL (WHIPPLE) JORJ XOYT

UIPL (WHIPPLE) JORJ XOYT (1878.28.8 — 1976.1.2) — amerikalik vrachpatolog. Yelsk universiteti (1900) va J. Xopkins universitetini tugatgan (1905). 1914 yildan Kaliforniya universitetida professor. Rochester universiteti patologiya professor. (1921 — 55). Ilmiy faoliyati anemiya, pigmentlar almashinuvi, jigar va me’da osti bezi yallig’lanishlari, sil va parazitar kasalliklarga oid. Gemopoezda jigarning ahamiyatini va pernisioz anemiyada Jigar preparatlarini qo’llash usulini kashf etgan. Nobel mukofoti laureati (1934; J. R. Maynot va U. Myorfi bilan hamkorlikda).