Ukkosha masjidi

Ukkosha masjidi – Toshkentdagi me’moriy yodgorlik (15-asr). Chorsuning Janubi sharqida, Samarqand darvoza ko’chasida joylashgan. Ukkosha masjidi Toshkentning eng mashhur hamda suvi shifobaxsh hisoblangan qadimgi Ukkosha bulog’i nomi bilan atalgan (“Chorsu” mehmonxonasi qurilishi munosabati bilan Chorsu jari yon bag’rida joylashgan buloq berkitib tashlangan). Mezanali darvozaxona (19- asr oxiri — 20-asr boshi), hovli, g’arbda gumbazli xonaqoh, unga tutash ayvon va peshayvondan iborat (peshayvon va hovlining sharqidagi darvozaxona 20-asr oxirlarida qayta qurilgan). Xonaqoh devorlari qalin, 4 ravoqli. G’arbidagi ravoqqa mehrob ishlangan, qolgan ravoqlariga eshik o’rnatilgan. Linga qismi bo’rtiqli, tashqi ravoq lingasi egri chiziqli. Gumbazi ravoqlarga tayangan. Gumbaz osti ravoqbag’allari o’ziga xos. Ayvon ustunlari 4,8 va 16 qirrali, ustun ko’zagidagi madohillar nafis ishlangan. Ukkosha masjidi Xoja Ahror Valiy tomonidan qurilgan deb taxmin qilinadi.