Umumiy tilshunoslik
Umumiy tilshunoslik – tilshunoslikning, xususiy tilshunosliklardan farqli ravishda, tilni umuman insonga xos hodisa, insonning ajralmas qismi sifatida o’rganuvchi bo’limi. Umumiy tilshunoslikning asosiy vazifasi dunyo tillariga xos eng umumiy belgi—xususiyatlarni aniqlash va yoritishdir. Bu vazifa ayrim tillar va til guruhlari yuzasidan kuzatishlarni umumlashtirish; til qurilishining, tabiiy va mashina tillari semantikasi va sintaksisining, shuningdek, fonetikaning (faqat tabiiy tillarda) eng umumiy, universal qonuniyatlarini aniqlash orqali hal etiladi. Xususiy tilshunoslik esa o’z urganish manbaiga ko’ra ayrim bir tilga (rusistika), biror tillar guruhi yoki oilasiga (romanistika, turkiyshunoslik), bir mintaka yoki tipologik guruhga mansub tillarga (bolqonshunoslik, kavkazshunoslik) xos xususiyatlarni o’rganadi. Umumiy tilshunoslik barcha tillarning umumiy (yoki statistik jihatdan ustun bo’lgan) belgilarini tipologiya yordamida yem- pirikinduktiv tarzda; tilning amal qilishidagi umumiy (har qanday jamoaga mansub kishilar uchun ahamiyatli bulgan) qonuniyatlarni o’rganish orqali esa deduktiv tarzda ham aniqlab beradi. Umumiy tilshunoslik, shuningdek, tilning sathlarga bo’linishiga qarab hamda muayyan bo’limning til belgisi (so’z) va matn (fikr, gap)ning u yoki bu tomoniga moyilligiga qarab ham tilshunoslik bo’limlarini ajratib ko’rsatadi (Masalan, Umumiy fonetika, umumiy morfologiya). Umumiy tilshunoslik fani doirasida tilning tabiati va mohiyati, til va tafakkur, til va nutq, tilning tarkibiy tuzilishi, til tizimini anglash, tilning paydo bo’lishi va rivojlanishi, yozuvning paydo bo’lishi, tillarning morfologik (tipologik) va genealogik tasnifi, tillarni ilmiy o’rganish metodi, tilda shakl va mazmun kabi muammolar o’rganiladi. Bulardan til va nutq, tilni tekshirish metodi, tilda shakl va mazmun muammolari “Umumiy tilshunoslik” fani nomi bn, qolgan muammolar esa “Tilshunoslikka kirish” fani nomi bilan bog’liq. Umumiy tilshunoslikning tarkibiy qismi hisoblangan tilshunoslikka kirishda til haqida boshlang’ich ma’lumotlar beriladi, tilshunoslikda qo’llanadigan asosiy ilmiy termin va tushunchalar bilan tanishtiriladi, tilshunoslikning asosiy qismlarini va xususiy tilshunoslikda o’rganiladigan masalalarni o’zlashtirish uchun nazariy asos beriladi. Yuqoridagilarga ko’ra “Umumiy tilshunoslik” terminini keng va tor ma’nolarda tushunish to’g’riroq buladi. Umumiy tilshunoslik tilshunoslikning boshqa ijtimoiy fanlar (masalan, adabiyotshunoslik, falsafa, tarix, arxeologiya, etnografiya, psixologiya) hamda tabiiy fanlar, xususan, biologiya va matematika bilan aloqasini ham o’rganadi. Ad.: Obtshee yazikoznanie, t. 1. Formi sutshee tovovaniya, funktsii, istoriya yazika, M., 1970;Usmonov S, umumiy tilshunoslik, T., 1972.