Umurtqa pog’onasining qiyshayishi

Umurtqa pog’onasining qiyshayishi — normal umurtqa pog’onasi shaklining o’zgarishi. Odam umurtqa pog’onasining 3 xil: skolioz (yonga), lordoz (oldinga) va kifoz (orqaga) qiyshayishi farq qilinadi. Katta yoshdagi kishilarning umurtqa pog’onasida old va orqa tomonga qaragan kichikroq bukilma bo’ladi. Bu bukilma yoshlikdan astasekin ayniqsa bola tik turishga va yurishga o’rgana boshlaganida vujudga keladi. Bu kasallik bo’lmay, balki fiziologik holat hisoblanadi. Umurtqa pog’onasi kasalligida esa umurtqa pog’onasining fiziologik holatdan chiqib, old va orqa tomonga qarab qiyshayishi kuzatiladi. Skolioz tug’ma (umurtqalarning noto’g’ri rivojlanishi tufayli) bo’lishi mumkin, lekin ko’proq 5-15 yashar bolalarda, ayniqsa o’quvchilar orasida uchraydi. O’quv mashg’ulotlari vaqtida bolalar partada gavdasini noto’g’ri tutib o’tirishi natijasida umurtqa pog’onasiga va muskullariga og’irlik bir xilda tushmaydi. Oqibatda muskullar bo’shashib qoladi. Umurtqa pog’onasi boylamlari va shaklining o’zgarishi turg’un skoliozga sabab bo’ladi. Bolalarning yoshligida raxit bilan og’riganligi, katta yoshdagilarning esa doim bir qo’lda yuk ko’tarishi ham skoliozga olib kelishi mumkin. Umurtqaning sinishi yoki uning ayniqsa sil oqibatida emirilishi natijasida ham skolioz ro’y beradi. Kishining bir oyog’i kalta bo’lib, o’sha tomonga engashib qadam tashlashi funktsional skoliozga olib keladi. Skoliozning oldini olish uchun bolalarni partada va stol atrofida to’g’ri o’tirishga o’rgatish, vrach buyurgan davo badan tarbiyasi mashqlarini qunt bilan bajarish, massaj qilish, serharakat o’yinlar, ochiq havoda sayr qilish, kattalar esa mehnat bilan dam olishni to’g’ri almashtirib turishi, ish vaqtida ishlab chiqarish gimnastikasi bilan shug’ullanishi lozim. Kifoz yoysimon bo’lishi mumkin. Bunda umurtqa pog’onasining u yoki bu bo’lagi orqa tomonga qiyshaygan bo’ladi va umurtqa pog’onasining orqa tomonga turtib chiqishi kuzatiladi. Yoysimon kifoz umurtqa pog’onasining ko’krak bo’limida ko’proquchraydi. Orqa muskullari tonusining keskin kamayishi, yoshlikda raxit bilan kasallanish, gavdani uzoq vaqt egib ishlash (stanokda yoki yozuv stolida) yoysimon kifozga sabab bo’ladi. Kifozning oldini olish ham skoliozga o’xshash. Davo gimnastikasi, fizioterapiya muolajalari, sanatoriykurortlarda davolanish buyuriladi. Umurtqa pog’onasining orqa tomonga turtib chiqishi ko’proq ko’krak umurtqalarida kuzatilib, bukrilik deb ataladi. Lor dozda umurtqa pog’onasi ichkariga qiyshayadi. Bunga ko’pincha chanoq suyagining son suyagi bilan tutashgan bo’g’imining tug’ma chiqishi sabab bo’ladi. Bel lordozi qoringa yog’yig’ilishidan ham paydo bo’ladi. Lordozda umurtqalar deformatsiyalanadi va og’riydi. Umurtqa pog’onasi shikastlangan qismining harakatlanishi qiyinlashadi. Lordozni davolashda uning sababi aniqlangach, vrach davo gimnastikasi va massaj buyuradi. Umurtqa pog’onasining qiyshayishining barcha xillarini oldini olish uchun bolalarni qaddi-qomatini to’g’ri tutishga o’rgatish, tana muskullarini mustahkamlaydigan kompleks mashqlarni har kuni bajarib turish kerak.