Urart tili
Urart tili — urart xalqi va Urartu davlatining tili; o’lik til. Miloddan avvalgi 9-6-asrlarga mansub o’yma yozuvlar (mixxat) orqali ma’lum. Hozirgi Van ko’li atrofida, sharqroqda Urmiya ko’ligacha, qisman Armaniston Respublikasi hududida tarqalgan. Urart tiliga yaqin qarindosh deb faraz qilinayotgan xurrit tili bilan birga alohida til oilasini tashkil etadi. Yozuvi Akkad mixxatining soddalashtirilgan tizimidan iborat. Grafik tizimi kambag’alligidan faqat 16 yoki 17 undoshni va 4 unlini farkdash mumkin, xolos va u, chamasi, Urart tili fonologiyasini to’la aks ettira olmagan. Grafikaga qaraganda, Urart tilida jarangli, jarangsiz va bo’g’iz undoshlari farkdangan. Otlar son (birlik va ko’plik) va kelishik (8 ta) kategoriyalari bo’yicha o’zgargan; grammatik jins kategoriyasiga ega emas. Fe’llar shaxsson, zamon, mayl va nisbatlar bo’yicha o’zgargan. Morfologik jihatdan o’timli fe’llar o’timsizlarga qaramaqarshi qo’yilgan. So’z yasalishi va so’z o’zgarishi agglyutinativ suffikslar yordamida amalga oshirilgan. Odatdagi so’z tartibi: sub’yekt — ob’yekt — Predikat (o’timli fe’llarda). Urart tilida yozilgan ko’plab yodnomalar (500 dan ortiq) dastlab 19-asrning 20-yillarida nemis arxeologlari tomonidan Van ko’li (Turkiya) atrofidan topilgan.