Urartu
Urartu (ossuriycha atalishi; urartcha — Biaynili, Bibliyada — “Ararat podsholigi”) — G’arbiy Osiyodagi qadimgi davlat. (miloddan avvalgi 9— 6-asrlar). Ravnaq topgan davrida Armaniston tog’lik rayoni (hozirgi Armanistonning butun hududi, Turkiya va Eronning bir qismi)ni qamragan. Aholisi — urartlar. Poytaxti — Tushpa shahri (hozirgi Turkiyadagi Van shahri) bo’lib, unda podsho Sarduri I davrida katta qurilish ishlari olib borilgan. Miloddan avvalgi 9-asr oxiri —8-asrning 1-yarmida Urartu davlati ravnaq topgan. Menua, Argishti I va Sarduri II podsholiklari davrida Urartu hududi ancha kengaygan. Bosib olingan viloyatlarda qal’alar qurilgan (Ararat tog’ining shimoliy yon bag’rida Menuaxinili shahri; Erebuni — Yerevan atrofidagi Arinberd tepaligi; Araksning so’l qirg’og’ida Argishtixinili). Urartuda qullar mehnatidan keng foydalanilgan. Miloddan avvalgi 8-asr o’rtasida Ossuriya podshosi Tiglatpalasar III (miloddan avvalgi 745-727) Urartu ko’shinlarini bir necha marta mag’lubiyatga uchratgan va Urartu tarkibiga kiruvchi shimoliy Mesopotamiya va shimoliy Suriyani egallagan. So’ngra Rusa I davrida Sargon II boshliq Ossuriya qo’shinining yurishlari natijasida mamlakat xonavayron bo’lgan. Biroq 7-asrda Urartu Janubiy Zakavkazeda hali ham o’z mavqeini saqlab qolgan edi. Rusa II (miloddan avvalgi 685-645) bu yerda yangi qal’alar bunyod etgan (jumladan, Teyshebaini va boshqalar). Skifkimmeriy yollanma qo’shini yordamida Urartu podsholari Frigiya podsholigini tor-mor qilganlar (miloddan avvalgi 676 yil). Midiya podsholigining kuchayishi Urartuni Ossuriya bilan yaqinlashtirgan. Biroq miloddan avvalgi 6-asr boshida Urartu Midiya tomonidan tor-mor etilgan va uning tarkibiga qo’shib yuborilgan.