Usmat
Usmat — Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi shaharcha (1994 yildan), tuman markazi. Viloyat markazi (Jizzax) dan 70 kilometr. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — G’allaorol (45 kilometr). Aholisi 10,5 ming kishi (2004). Abu Sa’d Abdulkarim Sam’oniyning “Kitob alansob” (“nisbalar kitobi”) asarida (12-asr) U.ning nomi “Usmand” shaklida berilgan. Usmatdan fiqhshunos Abul Fath Muhammad ibn Abdulhamid alusmandiy as-Samarqandiy (12-asr), Abdullo Usmatiy ibn Muhammad Yusuf Xalifa (“Sharhalilyos” asarini yozgan) yetishib chiqqan. Usmatda “nurli quyosh” agroxizmat markazi, 3 umumiy ta’lim maktabi, 2 kasb-hunar kolleji, iqtidorli bolalar litsey internati, avtokorxona, qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonasi, dehqon bozori, sport majmuasi, “Motamsaro ona” Xotira xiyoboni, madaniyat uylari, Markaziy kutubxona mavjud. Markaziy kasalxona, dorixona, qishloq vrachlik punkti, 20 savdo do’koni, 15 umumiy ovqatlanish korxonasi, 10 maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchasi, 5 tegirmon faoliyat ko’rsatadi.