Usmonxo’jayev Halim Haydarovich

Usmonxo’jayev Halim Haydarovich (1919.20.11 Toshkent 1993.9.4) mexanika sohasidagi olim, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademik (1984). O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1980). Toshkent to’qimachilik institutini tugatgan (1950). Shu institutda ilmiy tadqiqot sektori boshlig’i (1950-52), assistant (1951 — 52), o’qituvchi (1954-57), dekan (1958-61), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Mexanika va inshootlarning seysmik mustahkamligi institutida o’zi tashkil qilgan mexanizm va mashinalar nazariyasi laboratoriya mudiri (1961 yildan). Ilmiy ishlari, asosan, mashina agregatining dinamikasi, paxta terish va tozalash mashinalari, to’qimachilik mashinalari nazariyasiga doir. Usmonxo’jayev rahbarligida paxta terish mashinalarining ish unumini oshiruvchi va paxtaning to’kilishini kamaytiruvchi tarkibiy shpindel yaratilgan va ishlab chiqarishga joriy qilingan. Usmonxo’jayev shpindel tishlari traektoriyasiga qarab tezlik rejimini aniklashga imkon beruvchi “Universal epigiposiklograf” asbobni yaratgan, paxta terish mashinasi unumdorligini oldindan aniqlash formulasini ishlab chiqqan. Usmonxo’jayev gazlama to’qish avtomat stanogi mokisi naychalarini almashtirishdagi energiyani aniqlash asbobi va boshqa ixtirolar muallifi. Beruniy nomidagi O’zbekiston davlat mukofoti laureati (1989). As: mexanizm va mashinalar nazariyasi [darslik], T., 1970; Kinematika i Dinamika mexanizmov i mashin (v soavtorstve), T., 1969; tayni xlopka i chudesnie mexanizmi, T., 1979; Teoriya mexanizmov i proizvoditelnost xlopkouborochnix mashin, T., 1990.