USTAV

USTAV (rus.) — muayyan munosabat doirasidagi faoliyat yoki biror davlat organi, korxona, tashkilot va h.k.ning tuzilishi, vazifasini yo’naltirib turadigan asosiy qonunqoidalar majmui (masalan, siyosiy partiya, kasaba uyushmasi Ustavlari va h.k.). Ustav yuridik shaxslarning asosiy ta‘sis hujjati hisoblanadi. Yuridik shaxs o’z Ustavi asosida ish olib boradi. Ustav yuridik shaxs muassislari tomonidan tasdiqlanadi va davlat ro’yxatidan o’tkaziladi. Ustavda yuridik shaxsning nomi, uning joylashgan yeri, pochta manzili, yuridik shaxs faoliyatini boshqarish tartibi belgilab qo’yilishi, shuningdek, ularda tegishli turdagi yuridik shaxslar to’g’risida qonunda nazarda tutilgan boshqa ma‘lumotlar bo’lishi kerak. Ustavda yuridik shaxs faoliyatining sohasi va maqsadlari belgilab quyilgan bo’lishi lozim. Ayrim hollarda xalqaro shartnomalar ham Ustav deb atalashi mumkin (masalan, BMT Ustavi).