Uyg’ur, Mannon Uyg’ur

Uyg’ur, Mannon Uyg’ur (taxallusi; asl ism-sharifi Majidov Abdumannon) (1897.11.10 — Toshkent — 1955.15.10) — rejissyor, aktyor, dramaturg. O’zbekiston xalq artisti (1932). Yevropa shaklidagi o’zbek teatr san’ati va hozirgi o’zbek milliy akademik drama teatri (sobiq Hamza nomidagi teatr) asoschilaridan. 1916 yil “Turon” truppasida aktyor sifatida ish boshlagan. Safarbek (N.Vezirov, “Uy tarbiyasining bir shakli”), Markiz Robl (“Qotili Karima”), Hoji Baxshali (J. Qulizoda, “O’liklar”), Xizmatkor (A. Avloniy, “advokatlik osonmi?”), Zahhok (A. Fitrat, “Abu Muslim”), Eshimqul (Uyg’ur, “Turkiston tabibi”), Mahmudxon (Hamza, “zaharli hayot”), Rahim aka (G’.Zafariy, “Xalima”), Nuriddin (A.Fitrat, “chin sevish”), miller (F. Shiller, “makr va muhabbat”), Karl Moor (“qaroqchilar”) kabi kulgili, dramatik, fojiaviy romantik obrazlar yaratgan. Teatrni jadidlar singari ma’rifat o’chog’i, ibratxona deb bilgan. 1919 yilda “Turon” trupp sini qayta tiklab, o’nga iste’dodli yoshlarni jalb etish, dramaturglar bilan yangi asarlar ustida ish olib borish, tarjima qilish, sahnalashtirish, sahna ijodkorlarini malakasini oshirish masalalari bilan muttasil shug’ullangan. 1918-20 yillar Abdulla Avloniyning “advokatlik osonmi?” komediyasini, Hamzaning “zaharli hayot yoxud Ishq qurbonlari”, “boy ila xizmatchi”, “Tuhmatchilar jazosi” asarlarini, G’ozi Yunusning “Zahhoki Moron” tragediyasini, Abdulla Qodiriyning “baxtsiz kuyov”, G’ulom Zafariyning “Halima”, Fitratning “Abu Muslim”, “chin sevish” dramalarini sahnalashtirish bilan teatr repertuarini milliy asarlar bilan mustahkamlashga harakat qildi. O’zi yozgan “Turkiston tabibi”, “fanniy uy”, “O’n ikki soatlik hokimiyat” pyesalarini ham sahnalashtirdi. Shuningdek, Ozarbayjon dramaturglari asarlari (“Na qonur, na qondirur”, “Xo’rxo’r”, “Dursunali Ballibodi”, “Iblis”, “U o’lmasa, bu o’lsun” va boshqalar)ni ham tarjima qilib sahnalashtirdi. U o’zining ko’pqirrali faoliyati bilan havaskorlik truppasini O’zbek davlat o’lka namuna teatri darajasiga olib chiqdi. Markaziy Osiyo bo’ylab tomoshalar ko’rsatdi. 1922 yil teatr ishlarini yo’lga qo’yish uchun Buxoroga yuborilgan. “Abu Muslim”, “Halima”, “Turkiston tabibi” asarlarini sahnalashtirib, buxorolik havaskorlarni sahna qonun qoidalariga o’rgatadi. Karki shahrida birinchi teatr truppasi tashkil qiladi. 1923 yil Moskva davlat Markaziy teatr san’ati texnikumining rejissyorlik bo’limiga o’qishga kiradi. Shu yili uning tashabbusi bilan Moskvadagi Buxoro xalq maorifi uyi qoshida o’zbek drama studiyasini ochishga qaror qilinar ekan, Uyg’ur Buxoro, Toshkent, Andijon, Qo’qon shaharlaridagi teatrga iste’dodli yoshlarni to’playdi. 1924 yil Moskvada O’zbek drama studiyasi ish boshlaydi. Uyg’ur studiyaning ham talabasi, ham tashkilotchi rahbari bo’lib, Cho’lpon bilan birga studiya pedagoglari L. Sverdlin, R. Simonov, V. Kantsel va boshqalarga tarjimonlik qilib, spektakllar qo’yishda yordamlashadi. “Xasis” (Moler, U. Garpagon rolida), “tergovchi” (N. Gogol), “Malikai Turandot” (K. Gosii, U. Altoum rolida) spektakllarining yaratilishi va mamlakatimizda namoyish etilishida Uyg’urning xizmati beqiyos. O’zi mustaqil “Shayx San’on” (H. Jovid), “Yorqinoy” (Cho’lpon) kabi asarlarni sahnalashtirdi. 1927 yil Uyg’ur boshliq 24 nafar o’zbek yoshlari Samarqandga qaytib, O’zbek davlat drama truppasining o’zagini tashkil qildilar. Uyg’ur “Arslon” (Fitrat), “Hujum” (V. Yan, Cho’lpon), “Farhod va Shirin” (Xurshid), “Mushtumzo’r” (Cho’lpon), “Tarix tilga kirdi” (Z. Sayd, N. Safarov), “Niqob yirtildi” (Z. Fatxullin), “Loyqalar” (S. Husayn) kabi turli mavzu va janrda yaratilgan spektakllarida o’z iste’dodi va studiyada orttirgan tajribasini ro’yobga chiqarish, studiyani bitirgan va havaskorlikdan kirib kelgan aktyorlarni tarbiyalash harakatida bo’ldi. Uyg’urning rejissyorlik va aktyorlik mahorati yuksalib, Shekspirning “Xamlet” tragediyasini sahnalashtirishi o’zbek professional teatrining Kamolot pallasiga o’tganidan darak berdi. “Hamlet”dek murakkab asarni sahnalashtirishda Uyg’ur aktyorlarni qirol saroyidagi kiborlarning kiyinishi, o’zini tutishi, o’zaro mulozamat, ta’zim, so’z va nutq ustida qunt bilan ishlash, obrazlarning tarixiyfalsafiy mohiyatini ochish sari yo’naltirdi. Tomoshabinlarni esa bunday yuksak tragediyani idrok etishga tayyorlash maqsadida teatrning o’zida, matbuot orqali tushuntirish ishlari olib borildi, maket va postanovka tarixiga oid ko’rgazma tashkil etdi; spektaklning maxsus dasturi va Cho’lpon tarjimasi e’lon qilindi. Bosh rolni Abror Hidoyatov ijro etdi. Spektakl qatorasiga 22 kun o’ynalib, katta muvaffaqiyat qozondi. “Hamlet” spektakli tufayli Uyg’ur 30-yillardagi qatag’ondan omon krlgan bo’lsada, tahqirlangan bir sharoitda ijod qildi. Qachonki u bir asarni sahnalashtirmoqchi bo’lsa, uning yoniga albatta bir rus rejissyorini tayinlashardi. “Otello” (N. Ladigin bilan), “Muqanna” (E. Mixoels bilan). “Bir sevgi afsonasi” (A. Ginzburg bilan) kabi spektakllarni shu tahqir ostida sahnalashtirdi. “Jaloliddin Manguberdi”, “hayot qo’shig’i”, “Alisher Navoiy” spektakllarini mustaqil sahnalashtirgani uchun turli taftishlarga uchradi. Ayniqsa, “Alisher Navoiy” dramasining sahnaviy talqini Navoiyni ideallashtirishda ayblandi. Tanqidiy mulohazalar ostida Navoiyni Majdiddin bilan ziddiyatlarini kuchaytirishga, Husayn Boyqaroni irodasizroq, subutsizroq qilib gavdalantirishga majbur bo’ldi. Navoiyning oddiy xalq bilan aloqasini yanada kuchaytirdi. Sahna nutqi, talaffuz ustidagi ishini davom ettirib, go’zal bir sahna tilining yaratilishiga erishdi. Spektaklda Uyg’urning adolat, tenglik, insonparvarlik, mehrmuruvvat, sof muhabbat va nafosatni tarannum etishga qaratilgan rejissyorlik g’oyalari aktyorlar yaratgan obrazlarda o’z aksini topdi. 1948 yil “Alisher Navoiy” dramasining yangi tahriri namoyish qilindi va katta muvaffaqiyat qozondi hamda Uyg’ur, asosiy ijrochilar Davlat mukofotiga sazovor bo’ldilar (1949). Asar 42 yil mobaynida 760 marta o’ynalib, 350 ming tomoshabinga xizmat qildi. 1955 yil R. Hamroyev bilan birgalikda Muqimiy teatrida “Muqimiy” (S. Abdulla) spektaklini sahnalashtirdi. Bu uning so’nggi spektakli bo’ldi. Milliy teatrda, Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutida aktyor va rejissyorlarning uch avlodini tarbiyalab yetishtirishda Uyg’urning xizmati katta. Toshkent san’at institutiga (1991), Surxondaryo teatriga (1978) Mannon Uyg’ur nomi berilgan. Toshkent shahridagi ko’chalardan biri Uyg’ur nomi bilan ataladi. Vafotidan so’ng “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan (2001).