Vahdoniyat

Vahdoniyat (Arabcha — yakkalik, yagonalik) — Allohning yakka-yagonaligini tanish va e’tirof etish. Islomning asosiy g’oyasi hisoblanadi. Yahudiylik va xristianlik yakkaxudolik g’oyasini himoya qilsa ham, bu dinlarda uzil-kesil shakllanmadi. Qur’onda aytilganidek, yahudiy dinida Uzayr payg’ambar, xristian dinida Hazrat Iso Xudoning o’g’li deb e’tiqod qilinadi (9:30). Vahdoniyat “Ixlos” surasida yaqqol va ravshan bayon qilingan. “Anbiyo” surasida esa “Agar (osmonu zaminda) Allohdan o’zga xudolar bo’lganida har ikkisi buzilib ketar edi”, deyilgan (21:22). Bu oyat zardushtiylikning ikkixudolik aqidasiga qarshi qaratilgan edi. Ko’pxudolik e’tiqod shaklida tugab ketganligiga qaramay kishilar ongida turli ko’rinishda paydo bo’lib turadi. Hozirgi zamonda Islom olamida ko’pxudolik aqidasi eskilik sarqiti sifatida u yoki bu shaklda uchrab qoladi. Lekin yakkaxudolik xalq qalbida chuqur o’rnashganligi uchun u endi rivoj tolmayapti. Ko’pxudolik xalqlarni bir-biriga qarama-qarshi bo’lishiga olib kelgan, yakkaxudolik esa ularni birlashtirishda asosiy omil bo’lib xizmat qilgan, tor qabilachilik tuzumiga barham berib, millatlarning shakllanishida muhim ahamiyat kasb etgan. (Abdulg’ani Abdullo)