VALYUTA KURSI

VALYUTA KURSI — bir mamlakat pul birligining boshqa mamlakat pul birligida ifodalangan narxi. Valyuta kursining qat‘iy qayd etilgan va o’zgarib turadigan (valyuta bozorida u yoki bu valyutaga talab yoki taklifga qarab) turlari mavjud. Valyuta kursi mamlakatlar valyutasining xarid kobiliyati, shuningdek xalqaro to’lov vositalari (masalan SDR, evro) bilan o’zaro munosabat va boshqa omillar (tovarlar narxini milliy valyutada taqqoslash) asosida belgilanadi. Ularning xarid qobiliyatining o’zgarishi bilan (inflyasiya darajasi, to’lov balanslari holati, turli mamlakatlarda turlicha foiz stavkalarining o’rnatilishi, jahon valyuta bozorida mazkur valyutaga ishonch darajasi, shuningdek boshka siyosiy sabablar ta‘sirida) Valyuta kursi ham o’zgarib turadi. Markaziy emissiya banki belgilaydigan rasmiy Valyuta kursini hukumat belgilaydigan yoki valyuta bozorida vujudga keladigan erkin Valyuta kursidan farqlamoq kerak. Bundan tashqari Valyuta kursi milliy pul birligining boshqa davlat valyutasi yoki xalqaro hamda mintaqaviy valyutalar bilan o’zaro rasmiy o’rnatilgan munosabatlar bo’yicha (―suzib yuruvchi, ―sirg’aluvchan kurs) belgilanishi ham mumkin (Yevropa valyuta ittifoqida kurslarning tebranishi + 2,25 % doirasida chegaralangan). Valyuta savdosi amaliyotida valyuta yuqoriroq kurs bo’yicha sotiladi (sotuvchi kursi), xarid qilishda esa pastroq (xaridor kursi) kursdan foydalaniladi. Valyuta kursi ikki darajasi o’rtasidagi farqdan (marja) bankning valyuta savdosidan oladigan daromadi kelib chiqadi. Valyuta kursini rasmiy ko’tarish (revalvatsiya) mamlakatni kapitalni chetga chikarishdan manfaatdor qiladi, importni qulaylashtiradi, chunki chet el valyutasini arzonroq xarid qilishga imkoniyat tug’iladi. Valyuta kursini rasmiy pasaytirish (devalvatsiya) mamlakat savdo va to’lov balansining keskin yomonlashuvi, valyuta rezervining holdan toyishi bilan bog’liq holda yuzaga keladi. Chet el valyutasi kursining birjadagi maxsus idora tomonidan belgilanishi va maxsus byulletenlarda nashr etilishi valyuta kotirovkasi deyiladi. Bunday byulleten ma‘lumotlari matbuotda ham chop etib boriladi. O’zbekistan Respublikasi Markaziy banki davriy ravishda har haftada buxgalteriya hisobi va bojxona to’lovlari uchun pul massasi va inflyasiya dinamikasini hisobga olgan holda xorijiy valyutalarning so’mga nisbatan kurslarini matbuotda e‘lon qilib boradi.