Vandallar

Vandallar — qadimgi German xalqlarining Sharqiy tarmog’iga mansub kabila; dastlab Yutlandiya yarim orolida, miloddan avvalgi 1-asrdan esa — Oder va Visla daryolari, shuningdek Sudet va Karpat toglari oralig’idagi hududlarda yashashgan. Vandallar ikki qavmga (silinglar va xasdinglar) bo’lingan. Milodiy 2-asrda Markoman urushida qatnashib, hozirgi Vengriya hududiga qadar siljiganlar. 4-asrda Pannoniyada o’rnashib olgan Vandallar Rimga yollanma askarlar yetkazib berishgan, ular orasidan iqtidorli sarkardalar ham (masalan, Stilixon) yetishib chiqqan. Vandallar alanlar va svevlar bilan birgalikda G’arbga yurish qilib (406), Reyn daryosidan kechib o’tishgan va butun Galliyani bosib o’tib Ispaniyaga qadar borishgan (409). Bu to’g’rida hozirgi Andalusiya (Vandalusiya) provintsiyasining nomi hanuzgacha eslatib turadi. Silinglar Ispaniyada vestgotlar tomonidan deyarli tor-mor etilganlar, xasdinglar esa Geizerix rahbarligi ostida 429-439 yillarda Rim imperiyasiga qarashli shimoliy Afrikani bosib olganlar va hozirgi Tunis hududida o’rnashganlar. Vandallar qirolligi Rim imperiyasiga tobe yerlarda barpo etilgan birinchi german qirolligi edi. Vandallar floti O’rta dengizda hukmron bo’lib olgan. Vandallar 455 yil Rimni talon-taroj qilishgan, Balsar orollari, Sardiniya va Korsikani egallashgan. Vizantiya sarkardasi Velizariy 533— 534 yillarda Vandallar qirolligini zabt etgan. Vandallar tarixda o’zlarining talonchilik, bosqinchiliklari bilan mashhur bo’lishgan. Shu tufayli madaniy qadriyatlarni bekordan bekorga yo’q qilinishini anglatuvchi vandalizm tushunchasi paydo bo’lgan.