Vannalar
Vannalar — gigiena va davolash-profilaktika maqsadida qo’llaniladigan muolajalar. Suv, balchiq, qum, havo vannalari bo’ladi. Ko’proq umumiy Vannalar qo’llaniladi. Oddiy suv vannasida badanni suvga ko’mib yotiladi. Suv haroratiga qarab sovuq (22″ gacha), iliq (33-36°), issiq (37-39°), qaynoq Vannalar; tarkibiga ko’ra chuchuk suvli, tabiiy mineral suvli Vannalar, tabiiy va sun’iy yo’l bilan tayyorlangan gazli (karbonat angidridli, kislorodli, azotli), mineralli (karbonat angidridli, vodorod sulfidli, radonli, yodbromli), dorili (masalan, xantalli, kraxmalli va hokazolar), shuningdek xushbo’y (ignabargli daraxt ekstrati solingan) Vannalardan foydalaniladi. Vannalar vaqtiga ko’ra qisqa muddat (1-5 minut), odatdagi (10-15 minut) va uzoq muddatli (30 minut -1 soat) bo’ladi. Vanna qabul qilinganda nerv sistemasi analizatorlarining teridagi periferik retseptorlariga temperatura. mexanik va kimyoviy omillar ta’sir ko’rsatadi. Vannalar, odatda, massaj, elektr bilan davolash va boshqalar davo muolajalari bilan birga qo’llaniladi. Gigienik Vannalarni uy sharoitida ham qilish mumkin. U terining fiziologik faoliyatini kuchaytiradi, jumladan ter va yog’ bezlarining ishini, terining nafas olishini, moddalar almashinuvini yaxshilaydi. Gigienik Vannalar haftada 1-2 marta 20-30 minutdan qabul qilinadi. Davo Vannalari, odatda, mustaqil davo usuli bo’lmay, balki bemorni umumiy davolash tizimiga kiradi. Davo Vannalar oddiy Vannalar kabi qabul qilinadi. Suvga butun badan ko’milib turadi, bosh, bo’yin, yurak sohasi ochiq qoladi. Mahalliy Vannalar ko’pincha qo’l yoki oyoqqa buyuriladi, uni o’tirib qabul qilinadi. Davo Vannalarining muddati suvning tarkibiga qarab belgilanadi. Vannalarning asosiy ta’sir etuvchi omillari nisbatini o’zgartirib, har xil miqdordagi suvdan foydalanib (umumiy, mahalliy Vannalar) temperaturasi va muddatini turlicha olib, organizmga qo’zg’atuvchi va tonusni oshiruvchi yoki tinchlantiruvchi ta’sir ko’rsatish, moddalar almashinuvini kuchaytirish yoki susaytirish mumkin. Sovuq va salqin suvli Vannalar organizm tonusini oshirib, yurak-tomir hamda nerv sistemasini qo’zg’atadi, moddalar almashinuvini kuchaytiradi. Iliq suvli Vannalar og’riqni kamaytiradi, muskullarni bo’shashtiradi, asabni tinchlantirib, uyquni yaxshilaydi. Issiq suvli Vannalar ter chiqishi va moddalar almashinuvini kuchaytiradi. Dorili Vannalarni ko’pincha uy sharoitida ham qo’llash mumkin. O’tirib qabul qilinadigan Vannalarni qabul qilishda shunga mo’ljallangan maxsus vannadan yoki uy sharoitida chuqur tog’oradan foydalaniladi. Vannalarni mutaxassis shifokor tavsiyasiga ko’ra qabul qilish lozim, aks holda davo ko’ngildagidek natija bermasligi mumkin. Bolalarga davo Vannalar buyurilganda bolalar organizmining anatomik-fiziologik xususiyatlarini, shuningdek ularning hali bir qator a’zo va sistemalari funktsional etilmaganini. Issiqqa ta’sirchanlikning mukammallashmaganini nazarda tutish lozim. Bolalar badani issiq-sovuqni juda tez sezadi, shuning uchun Vannalarga tushirishda alohida e’tibor talab etiladi. Davo Vannalar qabul qilinadigan kuni toliqmaslik, vannadan keyin yotib dam olish tavsiya etiladi. Vannalarni kun oralatib yoki shifokor tavsiya etgan kunlardagina olish kerak. Umumiy davo Vannalarni nahorga va ovqatdan keyin bir oz vaqt o’tmasdan qabul qilish yaramaydi, sovuq paytlarda vaina qabul qilingandan keyin shamollab qolmaslik uchun qalinroq kiyinib olish lozim. Karim Yo’ldoshev.