Vaqt xizmati

Vaqt xizmati — 1) vaqtni aniqlash va “saqlash” hamda uni aniq vaqt radiosignallari yordamida uzatish va qabul qilishga doir uyg’unlashgan ishlar majmui. Aniq vaqt yulduzlarni kuzatish orqali va boshqa usullar bilan aniqlanadi. Uni astronomik soat va boshqa vaqt etalonlari yordamida “saqlanadi”. Vaqt xizmati astrometriya tadqiqotlari jumlasiga kiradi; 2) vaqtni aniqlash, uni aniq yuradigan soatlar yordamida “saqlash”, vaqt radiosignallari yordamida uzatish va qabul qilish kabi ishlar bilan shug’ullanadigan astronomik muassasa. Astronomik kuzatishlar yordamida aniq vaqtni toppish — yoritqichlar, masalan, yulduzlarning meridiandan o’tish (kulminasiya) paytida soat to’g’rilamasini aniqlashdan iborat. Soat to’g’rilamasi yetarlicha aniq bo’lishi uchun, odatda, 10-12 yulduz kuzatiladi. Vaqt xizmati asosan meridianga o’rnatilgan passaj asboblar bilan ta’minlanadi. Ba’zan, fotografik Zenit trubadan ham foydalaniladi. Hozir fotoelektrik passaj asbobi ko’p qo’llaniladi. Har sutkada topilgan soat to’g’rilamalarining farqi olinib, soatning sutkali yurishi (ilgarilashi yoki orqada qolishi) topiladi. Astronomik soatning sutkali yurishiga asoslanib, astronomik kuzatishlar o’tkazilmagan paytlar uchun ham aniq vaqtni hisoblab topish mumkin. Bunday paytlarda vaqt juda aniq yuradigan bir nechta astronomik soat yordamida aniqlanadi va “saqlanadi”. Bunda mayatnikli soatlar, kvars soatlar, atom soatlardan foydalaniladi. Vaqt xizmati har kunning ma’lum soatlarida radio orqali aniq vaqt signallarini berib turadigan stansiyalar ko’p. Yer yuzidagi Vaqt xizmati ishlarini Parijdagi xalqaro vaqt byurosi boshqarib turadi.