Var, Varz
Var, Varz (sug’dcha qo’rg’on)-qadimda Turkistonda mavjud bo’lgan istehkom turi; to’rt tomoni mudofaa devorlari bilan o’ralgan qo’rg’on. Odatda, sayhon yerda qurilib, asosan, chorva mollari va uy parrandalarini dushmandan himoya qilishga mo’ljallangan. “Avesto”dagi ma’lumotlarga ko’ra, Varlarning har bir tomoni bir ot chopimi (3 kilometr) uzunligida bo’lgan. Dastlabki Varlar taxminan miloddan avvalgi 1-mingyillikning 1-yarmida vujudga kelgan va keyinchalik katta-kichik qal’ali yirik qishloq yoki shaharlarga aylangan. Var so’zi ko’pgina qadimgi shahar va qishloqlar nomlari tarkibiga kirgan. Masalan, Dalvarzin, Varaxsha, Vardonze va boshqalar.