Variatsion statistika
Variatsion statistika – matematik statistikaning amaliy tarmogi; statistik to’plam (majmua)larda belgilarning taqsimlanishini o’rganadi. Statistik to’plam biron bir jihatdan uxshash juda ko’p ob’yektlar yoki yalpi hodisalardan tashkil topadi. Variatsion statistika barcha biologik ob’yektlarga xos bo’lgan o’zgaruvchanlik ko’p uchraydigan biologiya, genetika va qishloq xo’jalik ekinlari selektsiyasida keng qo’llaniladi. Variatsion statistika matematik statistikaning nazariy xulosalariga asoslanadi va asosan kuzatilayotgan ob’yektdagi miqdoriy belgilarning o’zgarishini o’rganishda qo’llaniladi. Bir guruhga mansub belgilarning u yoki bu darajada variasiyalanishm tashqi muhit omillarining ayrim kuzatish ob’yektlariga turlicha ta’siri hamda ularning o’ziga xos xususiyatlariga bog’liq. Belgilarning turli sharoitda o’zgarishini o’rganib, mazkur belgining qanchalik tashqi omillar ta’siriga uchraganligini aniqlash mumkin. Ayniqsa miqdoriy belgilar juda o’zgaruvchan. Selektsion-genetik materialni miqdoriy belgilar bo’yicha baholashda zaruriy ulchash, hisoblash, tarozida tortish, biokimyoviy tahlil ishlari amalga oshiriladi. Natijada hali tartibga kelmagan, “xom” ma’lumot to’planadi. To’g’ri ma’lumot olish va Real mavjud bo’lgan qonuniyatlarni toppish uchun to’plangan faktik ma’lumotlar Variatsion statistika usullari bilan ishlanadi. Bu usullarda sifat va mikdor o’zgaruvchanlikning asosiy ko’rsatkichlari: o’rtacha arifmetik (x), dispersiya (St2), o’zgaruvchanlik koeffisienti (v,%) va o’rtacha Arifmetik xato (Sx) kabilar aniqlanadi. Dispersion analiz eng mukammal usul bo’lib, populyasiyaning umumiy yoki fenotipik o’zgaruvchanligini asosiy omil yoki asosiy omillar hamda muhit sharoiti ta’siri bilan bog’liq komponentlarga ajratish imkonini beradi. Bundan tashqari tadqiqotlarda belgilarning irsiylanishi va populyatsiyaning tanlashga ko’rsatadigan reaktsiyasini baholashda genetik-statistik usullar ham qo’llaniladi. Shuningdek, organism belgi va xususiyatlarining korrelyativ bog’lanish yo’nalishi hamda kuchini, belgining muhit sharoitiga bog’liq holda korrelyatsion o’zgaruvchanligini aniqlashga imkon beruvchi korrelyasion, regression va Kovariatsion tahlillardan ham foydalaniladi. Natalya Simongulyan. Tolibjon Turg’unov.