Varshava shartnomasi
Varshava shartnomasi – sobiq sotsialistik lager davlatlari — Albaniya, Bolgariya, Vengriya, Germaniya demokratik Respublikasi, Ruminiya, SSSR va Chexoslovakiya o’rtasida 1955 yil 14 mayda Varshavada shimoliy Atlantika pakti (NATO)ga qarshi tuzilgan harbiy ittifoq. Varshava shartnomasi o’z ustavida BMT Ustavining 51-moddasiga muvofiq, yakka va jamoa bo’lib, o’z-o’zini himoya etish to’g’risidagi qoidaga asoslanib, Varshava shartnomasiga a’zo davlatlar o’rtasida do’stlik, hamkorlik va o’zaro yordam ko’rsatishni ko’zda tutgan bo’lsada, aslida sotsialistik tuzumga xizmat qildi, xalqlar va millatlarning o’z taqdirlarini o’zlari belgilash to’g’risidagi xalqaro huquq qoidasini qo’pol ravishda buzdi. Bu Vengriya (1956 yil), Chexoslovakiyadagi (1968 yil) qonli voqealarda yaqqol ko’zga tashlandi. Shu bilan bir qatorda Varshava shartnomasiga “a’zo-davlatlar teng huquqli bo’lib, bir-birlarining ichki ishlariga mutlaqo aralashmaydi”, degan qoidaga ham rioya etilmadi. 1991 yil 1 iyulda Varshava shartnomasiga a’zo-davlatlar — Bolgariya, Vengriya, Polsha, Ruminiya, SSSR, Chexoslovakiya (Varshava shartnomasidan 1968 yil— Albaniya, 1990 yil— GDR chiqqan edi) ishtirokida Praga shahrida siyosiy maslahat komitetining kengashida Varshava shartnomasini tugatish haqidagi bayonnoma imzolandi va tashkilot tugatildi.