Vaxsh
Vaxsh — Tojikistondagi daryo, Panj daryosining o’ng irmog’i. Uzunligi 524 kilometr. Havzasining maydoni qariyb 39,1 ming km2. Vaxsh Orqa olay tizmasining shimoliy yon bag’ridan boshlanib, olay vodiysi bo’ylab oqadi; Qirg’izistonda Qizilsuv, Tojikiston hududiga o’tgandan so’ng surxob (“Qizilsuv”) deb ataladi, so’ngra eng yirik irmog’i — Obihingov daryosi qo’shilgandan keyin Vaxsh nomini oladi. Vaxsh yuqori oqimida ayrim joylarda chuqur daradan iborat katta nishablikdagi vodiyda tez oqadi. Quyi oqimida keng vodiyga chiqadi. Jiliko’l qishlog’igacha va undan quyida, to Panj daryosiga quyilguncha Daryo o’zani tarmoqlanadi, qalin to’qayzorlar, ko’l va botqoqliklar ko’p uchraydi. Vaxsh Panj bilan qo’shilgandan so’ng Amudaryo hosil bo’ladi. Vaxsh havzasida umumiy maydoni 4518 km2 ni tashkil etuvchi 862 muzlik bor. Vaxsh muzlik, qor suvlaridan to’yinadi, yillik oqimining 50% iyul—sentabrda oqib o’tadi. Qishda (dekabr—Fevralda) oqim miqdori 10%ni tashkil etadi. O’rtacha suv sarfi 661 m3/sek. Vaxsh eng loyqa daryolardan, uning har 1 m3 suvida 4,5 kilogramm loyqa bor, yillik miqdori 90 million tonnaga teng. Noyabr—Fevralda qirg’oq muzlari, muz parchalari oqimi kuzatiladi. Vaxsh energiya zaxiralariga boy. Norak GES va Rogun GES qurilgan. Vaxshning suvi quyi oqimida qisman sug’orishga sarflanadi. Quyi oqimida kema qatnaydi. Vaxsh bo’yida Norak, Qo’rg’ontepa (vodiyda) va boshqa shaharlar joylashgan. Vaxshdan yirik Vaxsh va Sho’roobod kanallari chiqarilgan. Vaxshdan va havzasidagi ko’llardan yiliga 200— 900 ts baliq ovlanadi.