Vaxshunvar
Vaxshunvar (milodiy 5-asr) — Eftaliylar podshosi. Tarixchi Feofan Vizantiyskiy (6-asr)ning ma’lumotiga ko’ra, eftaliylar podshosi Vaxshunvar degan nom bilan yuritilgan. Uning asl ismi Eftalon bo’lib, uning qabilasini eftaliylar deb atashgan. Xitoyning “tan shu” yilnomasi ham bu ma’lumotni tasdiqlaydi. Tarixiy manbalarda yozilishicha, Vaxshunvar 457 yilga kelganda O’rta Osiyodan tashqari, Toxariston va Badaxshonni o’ziga bo’ysundirgan. Sosoniylar shohi Pero’z Vaxshunvarga qarshi 3 marta muvaffaqiyatsiz yurish qilgan va so’nggi 3-yurishi (484 yil)da o’zi halok bo’ladi. Vaxshunvar Eron ustiga juda katta o’lpon soladi va Marv, Kobul, Panjobni hamda Sharqiy Turkistondagi Qorashar, kucha, Koshg’ar va Xo’tanni zabt etadi. Vaxshunvar rahbarligida eftaliylar O’rta Osiyo, Sharqiy Eron, Shimoliy Hindiston va Sharqiy Turkiston hududlaridan tarkib topgan yagona ulkan saltanatni vujudga keltirganlar.