Veda dini
Veda dini — miloddan avvalgi 1-ming yillikda Hindistonda vujudga kelgan din. Vedalar orqali ma’lum. Hinduizm dini shakllanishining dastlabki bosqichi. Veda dinida dastlab tabiat kuchlari va hodisalari antropomorfik (inson qiyofasiga o’xshatib) tasavvur etilgan. Veda dinida yaxshi va yomon xudolar, ruxlar haqidagi tasavvurlar asosiy o’rin egalladi. Unda politeizm (ko’pxudolik) hukmron bo’lgan. Veda dinida sig’inish marosimlari asosan xudolarga qurbonlik qilish, ovqat, hayvonlar keltirish va turli urf-odatlarni bajarishdan iborat bo’lgan. Keyinchalik kohinlarning alohida qatlami — brahmanlar ajralib chiqib, diniy marosimlar tizimi murakkablashdi. Veda dinining keyingi evolyusiyasi natijasida Brahmanizm vujudga keldi.