Vega Karpo (Vega Carpio) Lope Feliks de

Vega Karpo (Vega Carpio) Lope Feliks de (1562.25.11 — Madrid — 1635.27.8) — ispan dramaturgi. Uyg’onish davrining yirik vakili. 2000 dan ortiq pyesa, 20 ta poema va lirik she’rlar muallifi. “Arkadiya” (1598) diniy, “o’z yurtida sargardon” (1604) ishqiy mojarolar mavzuidagi, “Doroteya” (1632) suhbat tarzidagi romanlari bor. “Bizning davrimizda yangi san’at komediyalar yaratadi” she’riy traktatida (1609) Vega Karpo Uyg’onish davri dramalarining asosiy yo’nalishlarini tasvirlaydi. Vega Karpo pyesalarining ko’pchiligi o’z vatani va boshqa mamlakatlar tarixidan olingan ijtimoiy-siyosiy mavzularda. “Fuente Ovexuna” (1619), “begunohlar qoni” (1623), “Sevilya yulduzi” (1623), “jazo qasos emas” (1635) va boshqa pyesalarida mustabid podsho hokimiyati tanqid qilinadi. “Graf Fernan Gonsales yoki Kastiliyaning ozod etilishi” (1625), “Kastiliya sudyalari” (1618), “Kordovalik dongdor Pedro Karbonero” (1603) va boshqalarda tarixiy voqea-hodisalar xalq qahramonlik dramalariga aylangan. Vega Karponing “it o’zi ham emas, otga ham bermas” (1618), “Xetaflik dehqon qizi” (1620), “ko’za ko’targan qiz” (1627), “raqs o’qituvchisi” (1593), “O’z sevgilisining quli” (1627-47) kabi komediyalari makkorlik, sevgi mash-mashalari haqidagi komediyalardir. Vega Karpo pyesalari Uyg’onish davri ispan dramaturgiyasining mumtoz namunalaridir.