Vegetativ nerv sistemasi
Vegetativ nerv sistemasi (lotincha vegetatio — o’sish, rivojlanish, qo’zg’alish) — odam va umurtqali hayvonlar nerv sistemasining bir qismi; Vegetativ nerv sistemasining tolalari barcha ichki a’zolarning silliq muskullariga tarqalib, ular faoliyatini kishi ixtiyorisiz (avtonom holda) boshqarib turadi. Ammo Vegetativ nerv sistemasi Animal (skelet muskullarigacha tarqaluvchi) nervlar singari bosh miya katta yarim sharlari po’stlog’i boshqaruvida faoliyat ko’rsatadi. Bu terminni fanga birinchi marta frantsuz vrachi M. Bisha kiritgan (1801) va uning somatik nerv sistemasi faoliyatidan farqini ilmiy jihatdan asoslab bergan. Ingliz fiziologi J. Lengli (1903) Vegetativ nerv sistemasini “avtonom nerv sistemasi” deb atadi, chunki Vegetativ nerv sistemasining faoliyati ong bilan boshqarilmaydi, shu sababli “avtonom” yoki ixtiyorsiz nerv sistemasi deb ham yuritiladi. Vegetativ nerv sistemasi moddalar almashinuvi jarayonida qatnashadigan barcha a’zolarning (yurak-qon tomir, nafas, hazm qilish, ajratish, ko’payish) to’qima va muskullar trofikasini (trophe — ovqat) bevosita yoki gumoral (suyuqlik muhit vositasida) yo’l bilan idora etadi. Vegetativ nerv sistemasi joylanishi va faoliyatiga ko’ra Animal nerv sistemasidan birmuncha farq qiladi. Animal nerv sistemasi faqat ko’ndalang-targ’il (skelet) muskullarni idora qilsa, Vegetativ nerv sistemasi hujayralar, to’qimalar va silliq muskullarni nerv bilan ta’minlaydi. Animal nervlar miya stvoli (ustuni) va orqa miyaning barcha segmentlaridan bir tekisda chiqadi, vegetativ nervlar esa Markaziy nerv sistemasining ma’lum qismlaridan (o’rta va uzunchoq miyadan, orqa miyaning barcha ko’krak va uchta bel segmentlarida o’ziga tegishli umurtqalar oralig’idan, shuningdek dumg’aza sohasidan, ikkinchi — to’rtinchi dumg’aza umurtqalari oralig’idan) tarqaladi. Animal nervlar orqa miyadan chiqib uzilmasdan ishchi a’zolarga boradi. Vegetativ nervlar miya sohasidan chiqqandan so’ng yo’l-yo’lakay vegetativ tugunlarda to’xtab, keyin ishchi a’zolarga tarqaladi. Bundan tashqari, tugundan oldingi tolalarning har biri tugundan keyingi bir qancha tolalarga o’z ta’sirini o’tkazadi. Animal nervlar mielin (yog’) pardaga o’ralgan va yo’g’onroq, vegetativ nervlar esa mielinsiz va ingichka bo’ladi. Vegetativ nervlar asosan Animal nervlar tarkibida, qon tomirlar devorida chigallar hosil qilib tarqaladi. Vegetativ nervlarning har biri ham sezuvchi, ham harakatlanuvchi tolalar vazifasini bajaradi. Ularda impuls (ta’sir)lar sekundiga 10 metr tezlikka etadi. Somatik nervlar tarkibidagi tolalar (sezuvchi va harakatlanuvchi) esa alohida, mielin pardali bo’lgani uchun ularda impuls sekundiga 100 metr tezlikka etadi. Vegetativ nerv sistemasi faoliyatiga ko’ra simpatik va parasimpatik nerv sistemasiga ajratiladi. Simpatik nerv sistemasi adrenalinga o’xshaydigan simpatii, parasimpatik nerv sistemasi esa atsetilxolin vositasi ta’sirida qo’zg’aladi. Bu moddalar qonga va limfa suyuqligiga shimilib, ular orqali nervlar qo’zg’aladi. Markaziy nerv sistemasi tashqi va ichki muhit ta’sirlariga Vegetativ nerv sistemasi orqali javob beradi va organizmni doim o’zgarib turadigan muhitga moslashtiradi. Odatda simpatik nervlar funktsiyasi jihatidan parasimpatik nervlarga qarama-qarshi ta’sir ko’rsatadi. Simpatik nervlar ko’z qorachig’ini kengaytiradi, so’lak va boshqa ajralishini kamaytiradi, yurak qisqarishini kuchaytiradi, me’da va ichak harakati (peristaltika)ni susaytirib, ularning shira chiqarish faoliyatini pasaytiradi, o’pka, bronxlarni kengaytiradi. Parasimpatik nervlar esa aksincha ko’z qorachig’ini siqib toraytiradi, sulak bezlari ishini kuchaytiradi, yurak faoliyatini pasaytiradi, ichak harakatini tezlashtiradi, o’pka, bronxlarni toraytiradi. Vegetativ nerv sistemasi somatik nerv sistemasi bilan bir butun hamjihat bo’lib ishlaydi, uni Markaziy nerv sistemasining oliy bo’limlari, asosan bosh miya katta yarim sharlari po’stlog’i nazorat qilib turadi. Masalan, organizmga sovuq ta’sir qilganda simpatik nervlar qo’zg’alib, qon tomirlar torayadi. Gipofiz, buyrak usti bezi, qalqonsimon bez faoliyati kuchayadi, natijada bir talay adrenalin ajralib, organizmda issiqlik saqlanishini ta’minlaydi. Aksincha, organizmda issiqlik ko’payishi tufayli parasimpatik nervlar qo’zg’aladi. Vegetativ nerv sistemasining faoliyati turli kasalliklar davrida, ob-havoning o’zgarishi, tashqi va ichki ta’sirlar orqali o’zgaradi. Nosir Axmedov.