Vegetatsiya davri

Vegetatsiya davri — 1) Meteorologik sharoitlarga ko’ra yilning o’simlik o’sishi va rivojlanishi mumkin bo’lgan davri. Vegetatsiya davrida o’simlik organik moddalar hosil qiladi, urug’, don, tuganaklar, mevalar va boshqa xo’jalik ahamiyatiga molik mahsulotlar shakllanadi va etiladi. Mo’tadil iqlimli mintaqalarda Vegetatsiya davri bahordagi oxirgi qorasovuq boshlab kuzda tushadigan birinchi qorasovuq o’rtasidagi vaqtga to’g’ri keladi. Tropik va subtropik iqlim mintaqalarida esa bu davr yilning deyarli hamma faslini o’z ichiga oladi; 2) qishloq xo’jalik ekinlarining to’liq rivojlanish tsikli uchun, ya’ni o’simlik urug’ining unib chiqishidan boshlab hosil yig’ilgungacha bo’lgan zaruriy davr (biologiyada bir va ikki yillik o’simliklarda urug’ning unishidan o’simlik umrining tugashigacha yoki ko’p yillik o’simliklarda erta bahorda uyg’onishdan qishda “uyqu”ga kirishgacha bo’lgan davr). Sovuqqa chidamliligi turlicha bo’lgan o’simliklarda Vegetatsiya davri bir joyning o’zida har xil: issiqsevar o’simliklarda qisqa, sovuqqa chidamli o’simliklarda uzun bo’lishi mumkin. Vegetatsiya davri ketma-ket o’tuvchi bir qator fazalarga bo’linadi: g’o’zada — shonalash, gullash, ko’sak tugish va ochilish; g’alla o’simliklarida — tuplanish, boshoq tortish, gullash, sut (mum) pishish va to’liq pishish fazalari. Har bir ekin turi va navi Vegetatsiya davrining uzun-qisqaligi, ayrim rivojlanish fazalarining muddatiga bog’liq. Vegetatsiya davri rivojlanish davri davomida o’simlikning olgan umumiy issiqlik miqdori bilan belgilanadi. O’simliklarda Vegetatsiya davrining uzun-qisqaligini hisobga olib, sovuq erta tushadigan Shimoliy rayonlarda ertapishar navlar, sovuq kech tushadigan Janubiy rayonlarda kechpishar navlar ekiladi. Vegetatsiya davri tashqi sharoitga va navning irsiy xususiyatlariga ham bog’liq. Bir sharoitda ertapishar deb hisoblangan nav ikkinchi bir sharoitda kechpishar bo’lishi mumkin. Masalan, sug’oriladigan dehqonchilik sharoitlarida g’o’zaning Vegetatsiya davri bahorda, havo temperaturasining o’simlik rivojlanishi uchun qulay doimiy biologik minimum darajadan (10°) barqaror ko’tarilishidan to kuzgi, o’simlik barglarini nobud qiladigan qorasovuq tushgunga qadar o’tadigan vaqtga to’g’ri keladi. Har yili paxtaning pishib yetilishi 4000-4900° faol temperatura yig’indisi bilan ifodalangan termik resurslar evaziga amalga oshadi. Vegetatsiya davridagi o’rtacha oylik temperatura bahor va kuzda 15° dan, yozda esa 30° dan yuqori bo’lishi lozim. Har qanday ekinning muayyan rivojlanish fazasi o’tishi uchun ma’lum miqdorda samarali temperatura yig’indisi talab etiladi, shunga ko’ra turli g’o’za navlari uchun Vegetatsiya davri ham har xil; g’o’zaning ertapishar navlari uchun Vegetatsiya davri 90-100 kun, kechpishar navlarida 140 kun va undan ham ko’proq (chigit unib chiqqandan boshlab to dastlabki ko’saklari yetilgunga qadar bo’lgan davr). O’zbekistonda iqlim, tuproq sharoitlari va navlariga ko’ra ekinlarning Vegetatsiya davri kunlari (sutka hisobida) o’rtacha quyidagicha: arpa 60-110, kuzgi bug’doy 240— 300, suli 100-120, makkajo’xori 80— 90 dan 130 gacha, qovun 60-80 dan 110-125 gacha, yer yong’oq 120-160, kunjut 90-120. Renat Nazarov.