Velaskes, Rodriges de Silva velaskes

Velaskes, Rodriges de Silva velaskes (Rodrigues de Silva Velasquez) Diego (1599.4 yoki 5.6, Sevilya — 1660.6.8, Madrid) — ispan rassomi, jahon realistik san’atining yirik namoyandasi. Velaskes asarlari dadil, aniq kuzatishlari, yaratayotgan xarakterini chuqur bilishi, uyg’unlikni o’tkir his etishi, nozik va boy koloriti bilan ajralib turadi. Dastlab xalq maishiy hayotidan lavhalar yaratgan (“nonushta”, taxminan 1617; “suv sotuvchi”, taxminan 1620 va boshqalar). 1623 yildan Madridda saroy rassomi. Qirol to’plamlari (ko’proq Tisian asarlari)ni o’rganish hamda P. Rubens bilan uchrashuv Velaskes mahoratini kamolga yetkazdi, dunyoqarashini chuqurlashtirdi. Velaskes o’z davri san’atida hukm surgan shartlilikni dadil buzib, mavjud hayotni boricha aks ettiruvchi keng umumlashma mazmunli asarlar yaratish yo’llarini izladi. “Breda qal’asining taslim bo’lishi” (1634) asari Yevropa san’atida tarixiy janrda yaratilgan muhim realistik asar bo’lib, unda insoniylik, g’olib va mag’lublar o’rtasidagi axloqiy munosabatlar xolisona yoritilgan. Velaskesning portret ustasi sifatida shakllanishida saroy hayoti muhim rol o’ynadi, insonni chuqur o’rganishga, Gerdaygan va sovuq iltifot niqobi ostiga yashiringan qalb holatiga kirib borishga o’rgatdi. Portretlar (“Gersog Olivares”, “Infant Baltasar Karlos”, 1634— 35), saroy ahli, do’stlari, shogirdlarining bel va ko’krak qismigacha tasvirlan- gan qiyofalarini yaratdi. “Venera oyna qarshisida” (1651) asarida yangicha kompozitsiya yechimini topgan. “Medichilar villasi” (1650-51) va boshqa asarlarida tabiatning yaxlit tasviriy obrazlarini yaratgan. Hayotining so’nggi yillarida mashhur “Las Meninas” (1656), “charxchilar” (1657) kabi asarlari dunyoga keldi.