Velyur
Velyur (Fransuzcha velours — duxoba, lotincha villosus — tukli, paxmoq) — 1) toza jun tolalaridan to’qiladigan kalta tukli gazlama yoki kalta va mayin tukli mato (fetr); movutning bir turi. Velyur tuklari undan tikiladigan buyumlarga ko’rkam va bejirim ko’rinish beradi. Mayin junli qo’y (merinos qo’yi) ning a’lo navli junini yigirib tayyorlangan tolalardan to’qiladigan Velyur -drap juda qadrlanadi. Velyurdan ustki kiyim-boshlar, bosh kiyimlar va boshqalar tikiladi. Ko’pchilik Velyurni Baxmal (duxoba) bilan adashtiradi. Velyur baxmaldan to’qilishi bilan tubdan farq qiladi; 2) bug’u, cho’chqa, qo’y va boshqa mollar terisidan oshlab va xromlab tayyorlanadigan kalta tukli yumshoq baxmalsimon charm — zamsh. Velyur tayyorlashda tsirkoniy yoki titan tuzlari ishlatiladi, Albuminlar, kraxmallar, o’simlik yelimlari ham qo’shiladi. Nam ta’siriga chidamli bo’lishi uchun Velyurga alyuminiy yoki xromli sovunlar, silikon bilan ishlov beriladi. Velyurdan asosan ustki kiyim-bosh va poyabzal tikiladi.