Venerologiya

Venerologiya (Venera va … logiya) — klinik tibbiyot sohasi; Venerik kasalliklarnint yuzaga kelish va tarqalish sabablari, diagnostikasi va klinik kechishini o’rganadi, ularning oldini olish va davolashning eng maqbul yo’l-yo’riqlarini ishlab chiqadi. Venerologiya dermatologiya, sotsial gigiena, infektsion kasalliklar, akusherlik va ginekologiya, terapiya, serologiya va boshqa bir qancha tibbiyot fanlari bilan uzviy bog’langan. 18-asrgacha barcha venerik kasalliklar bir kasallik deb qaralgan bo’lsa. 1830 yil frantsuz venerologi F. Rikor so’zak va zaxm alohida-alohida kasallik ekanligini isbotladi. 19-asrga kelib bakteriologiyaning rivojlanishi venerik kasalliklarning kelib chiqishi sabablarini ochishga asos bo’ldi. A. Neysserning so’zakni qo’zg’atuvchi gonokokkni (1879), O. V. Peterson va A. Dyukreyning yumshoq shankr streptobasillasini (1887-89), E. Gofman va F. Shaudinning zaxmni qo’zg’atuvchi oqish treponemani (1905) topishi Venerologiyaning rivojlanishida muhim o’rin tutdi. Nemis bakteriologi va immunologi Vasserman zaxm serodiagnostikasi usuli (Vasserman reaktsiyam) ni ishlab chiqdi (1906, A. Neysser bilan hamkorlikda). Venerologiya mustaqil fan sifatida o’qitila boshlandi. 1932 yil O’zbekistan teri va venerik kasalliklar ilmiy tadqiqot instituti tashkil qilindi. Hozir barcha tibbiyot institutlarining teri va tanosil kasalliklari kafedralarida dermatovenerolog vrachlar yetishtiriladi. Olimlardan U. M. Mirahmedov zaxmni aniqlashda oqish treponemalarni immobilizatsiya qilish reaktsiyasi (otir) ustida, M. A. G’ulomova zaxmni penisillin va boshqa dorilar bilan davolash, H. H Husanov zaxm kasalligida terining gistologik o’zgarishlari va hokazolar ustida ilmiy izlanishlar olib borishdi. K. A. Yo’ldoshev zaxm bilan og’rigan bemorlar ichki a’zolarining funktsional holatini o’rgandi va ularni davolash, dispanser hisobidan o’chirishda yangi klinik-serologik uslublarni ishlab chiqdi. R.A. Kapkaev va E. G. Kim zaxmni qo’zg’atuvchi oqish treponemaning morfologiyasi, uning ko’payish yo’llarini va bu kasallik bilan organizmning HLA sistemasi o’rtasidagi bog’liqlik qay darajada ekanligini o’rganishdi. Hozir O’zbekiston dermato-venerologiya ilmiy tadqiqot institutida bu sohada ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi.