Vergulsimon qalqondorlar
Vergulsimon qalqondorlar — teng qanotlilar turkumi qalqondorlar oilasiga mansub hasharotlarning bir necha turi, tanasining qalqoni vergulsimon egilganligi Vergulsimon qalqondorlar (Lepido-saphes mesasiatica) tanasi sarg’ish-malla, uzunligi 3,5—4,7 millimetr. Keng ma’noda polifag, O’rta Osiyo endemigi. Lichinkasi va urg’ochisi terak, tol, na’matak, katalpa, shuningdek olma, nok va boshqa mevali daraxtlarda oziqlanadi va ko’payadi. Yil davomida 2 nasli rivojlanadi, tuxumi daraxtlarning tanasi va butoqlarida qalqon ostida qishlaydi. Erkin yashovchi nasli may oyi boshlarida paydo bo’ladi va o’simliklarga yopishib olib, umrini oxirigacha bu joyni tark etmaydi. Olma vergulsimon qalqondori (Lepidosaphes ulmi) oldingi turga nisbatan oqishroq rangda, tanasi kichikroq (2,5—3,0 mm), mevali daraxtlar (olma, nok, behi, shaftoli, olxo’ri, o’rik, gilos va boshqalar) ga ziyon keltiradi. Yil davomida bitta nasli rivojlanadi. Vergulsimon qalqondorlarga qarshi kurashish uchun kuzda, erta ko’klamda daraxtlar barg yozmasdan oldin 8% li mineral moy emulsiyasi purkaladi.