Vermont

Vermont — AQShning shimoli- sharqidagi shtat. Maydoni 24,9 ming km2. Aholisi 575 mingdan ziyod kishi (1990- yillar o’rtalari). Ma’muriy markazi — Montpiler shahri. Hududining ko’p qismi tog’li (eng baland joyi 1338 metr). Yirik daryosi — Konnektikut. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -9°, iyulniki 19°. Yiliga 750 — 1000 mm yog’in yog’adi. Vermont — Yangi Angliyaning iqtisodiy jihatdan rivojlangan va shaharlari kam shtatlaridan. Vermont hududining 1/5 qismi ekinzor, katta qismi o’rmon, qisman yaylov va yaroqsiz yerlar. Qishloq xo’jaligi uchun yaroqli yerlar faqat torgina daryo vodiylaridagi pasttekisliklarda bo’lsada, iqtisodining asosini qishloq xo’jalik tashkil etadi. Qishloq xo’jalik tovar mahsulotining 75% i sut chorvachiligidan keladi. Ekin maydonining 90% iga yem-xashak ekinlari ekiladi. Yog’ochsozlik, to’qimachilik, metallsozlik, oziq-ovqat, qog’oz sanoati korxonalari bor. Asbest, marmar, granit, mis rudasi qazib olinadi. Vermontni shimoldan janubga Monreal—Boston va Monreal — Nyu-York temir yo’l kesib o’tgan. Konnektikut daryosi va Shampleyn ko’lida kema qatnaydi. Turistlar ko’p keladi. Yirik shahri — Berlington.