Versal sulh shartnomasi

Versal sulh shartnomasi -1-jahon urushi tugaganidan keyin g’olib davlatlar bilan Germaniya o’rtasida Versal shahrida imzolangan sulh shartnomasi (1919 yil 28 iyun 6; unga binoan Germaniya ilgari bosib olgan anchagina hududlarni bo’shatib berdi. Frantsiya — Elzas va Lotaringiya viloyatlarini, Polsha ilgari o’ziga tegishli bo’lgan ayrim hududlarni qaytarib oldi, Germaniya yangidan tashkil topgan Chexoslovakiya, Avstriya, Polsha davlatlarining mustaqilligi va daxlsizligini tan oldi. Germaniyaning 100 ming kishidan ortiq armiyaga ega bo’lishi va majburiy harbiy xizmat joriy etishi ta’qiqlab qo’yildi, u 1-jahon urushining aybdori, deb topilib, zimmasiga Antanta davlatlariga 132 milliard marka kontribusiya (tovon) to’lash majburiyati yuklandi. Versal sulh shartnomasi Germaniya iqtisodiyoti ustidan g’olib davlatlar nazoratini o’rnatdi. Gitler hokimiyat tepasiga kelgach, Versal sulh shartnomasini buza boshladi, unda ko’rsatilgan harbiy majburiyatlarni bajarmasligini bildirdi (1935 yil 25 may). 2-jahon urushi boshlariga kelib Versal sulh shartnomasi butunlay ahamiyatsiz bo’lib qoldi.