Vertikal pech
Vertikal pech — metalldan yasalgan uzun buyumlar va vertikal vaziyatda pastga yoki yuqoriga harakatlanadigan metall polosalarga termik ishlov (issiqlik ishlovi) berish uchun mo’ljallangan vertikal qurilma. Metallurgiya va mashinasozlikda qo’llaniladi. Vertikal pechning uzlukli va uzluksiz ishlaydigan xillari bor. Uzlukli ishlaydigan pechlar (shaxtasimon pechlar) da harbiy qurollarning stvollari, vallar, turbinalarning rotorlari va boshqa uzun buyumlar toblanadi va bo’shatiladi. Bunda buyumlar gaz yoki elektr toki bilan qizdiriladi. Bunday pechlarning balandligi 30 metrga, ish bo’shlig’ining diametri 4 metrga yetadi. Uzluksiz ishlaydigan pechlarning bir o’tishli va ikki o’tishli turlari bor. Issiqlik ishlovi beriladigan polosa pech orqali o’tkaziladi. Bunday Vertikal pechda sovuqlayin prokatlangan polosalar (tunuka, transformator temiri, zanglamas metall va boshqalar)ga issiqlik ishlovi beriladi. Pechning balandligi 30 metrga, unda ishlov beriladigan polosaning uzunligi 800 metrga yetadi. Pechda gaz yoqiladi. Bunday pech qora metallurgiyada, sovuqlayin prokatlangan polosalar va lentalar ishlab chiqarishda qo’llaniladi, pechdagi jarayonlar boshqaruvchi hisoblash mashinalari yordamida avtomatlashtirilgan.