Viverrasimonlar
Viverrasimonlar (Viverridae) -yirtqich sut emizuvchilar oilasi. Gavdasining uzunligi 85 santimetrgacha, og’irligi 8— 12 kilogramm bo’lgan hayvonlar. Oyoqlari kalta, ko’pincha 5 panjali, dumi uzun, bitta turining dumi tutuvchi tipda. Ba’zi Viverrasimonlar anal teshigi oldida muskus ishlab chiqaradigan hid bezlari bor. 71 turi, 35 urug’i: genetalar, tsivetalar, mangustlar, binturangalar, mungolar, surikatlar, fossalar va boshqalar ma’lum. Kichik, G’arbiy va Janubiy Osiyoda, Afrika va Janubiy-G’arbiy Afrikada tarqalgan. Yer ustida, ayrim turlari daraxtda yashaydi. Ko’pchiligi tunda faol hayot kechiradi. Yiliga 1 marta, ba’zan 2 marta 1-6 tadan, ko’pincha 2-4 tadan bolalaydi. Mayda sut emizuvchilar, qushlar, sudralib yuruvchilar, hasharotlar, ba’zan mevalar bilan oziqlanadi. Ko’pchilik turlari muskusi uchun ovlanadi. 4 turi va 1 kenja turi Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.