Voleybol

Voleybol (inglizcha volley ball, volley — urib qaytarmoq va ball — koptok) — jamoa bo’lib o’ynaladigan sport o’yini; o’rtasidan to’r bilan (erkaklar musobaqasi uchun 2,43 metr va ayollar musobaqasi uchun 2,24 metr balandlikda) bo’lingan 9×18 metrli maydonchada o’ynaladi. Bir jamoa 6 kishidan iborat bo’lib, 2 jamoa o’ynaydi. O’yinchilar to’pni qo’l bilan urib, raqib maydoniga tushirishga harakat qiladilar. Koptokni uch urishda raqiblar tomoniga o’tkazish lozim. Musobaqa 3 yoki 5 qur o’ynaladi. Voleybol AQShda paydo bo’lgan (1895). Xalqaro federatsiya (FIVB; 1947 yil asos solingan) ga 180 dan ortiq mamlakat a’zo. 1964 yildan Olimpiya o’yinlari dasturiga kiritilgan, 1949 yildan jahon birinchiliklari o’tkaziladi. Voleybol O’zbekistonda 1920 yildan o’ynaladi. O’zbekiston Respublikasi 1991 yil Xalqaro Voleybol federatsiyasiga, 1992 yil Osiyo Voleybol konfederatsiyasiga a’zo bo’lib kirdi. O’zbekistonda bu sport turi bilan 700 mingdan ortiq kishi muntazam shug’ullanadi. U maktablarda ommaviy tus olgan, jismoniy tarbiya bo’yicha dasturning ajralmas qismi hisoblanadi.