Vrachlar konsultatsiya komissiyasi

Vrachlar konsultatsiya komissiyasi (VKK) – O’zbekistonda davolash va profilaktika muassasalari (poliklinikalar, kasalxonalar, dispanserlar va boshqalar)dagi maxsus komissiya. Bosh vrachning ekspertiza bo’yicha o’rinbosari (VKK raisi), tegishli bo’lim mudiri va davolovchi vrachlardan tuziladi. Faqat VKK kasallik varaqasi muddatini cho’zish, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik bo’yicha bahs va janjalli masalalarni hal qilish, kasalligi uzoq davom etgan bemorlarni mehnat qobiliyatini aniqdash tibbiy-ekspert komissiyasita yuborish huquqiga ega. VKK sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yo’llanma berish, mehnat sharoitlarini o’zgartirish yoki betobligi tufayli engilroq ishga o’tkazish (vaqtincha yoki doimiy) to’g’risida tavsiyanomalar ham beradi. Bemorni VKK ga davolovchi vrach, davolash muassasasining bo’lim mudiri, kasaba uyushmasining sug’urta vrachi yuboradi. Bundan tashqari, VKK davolovchi vrachlar faoliyatini nazorat qiladi va tegishli maslahatlar beradi.