Xalkopirit

Xalkopirit (Yunoncha Chalkos mis va pirit), mis kolchedani — mineral, mis va temir sulfidi. Kimyoviy tarkibi CuFeS2 (34,57% mis, 30,54% temir, 34,9% oltingugurt), aralashma holda Ag, Zn, Au, As, Se, Sn bor. Tetragonal va kub singoniyada kristallanadi. Mo’rt. Yarimo’tkazgich; antiferromagnetik. Donador, yashirin kristalli, ba’zan buyraksimon agregatlar hosil qiladi. Rangi oltindek sariq, to’q sariq. Metalldek yaltiroq. Qattiqligi 3-4; zichligi 4,1—4,3 g/sm3. Deyarli barcha genetik tipdagi magmatik konlardan cho’kindi konlargacha uchraydi. Intruziv jinslar orasida joylashgan misnikel sulfide konlarida pirrotin, pentlandit, magnetit, kubanit va boshqa minerallar bilan birga topiladi. Nurash jarayonida Xalkopirit hisobiga kuprit, malaxit, limonit, xrizokolla va boshqa minerallar hosil bo’ladi. Xalkopirit misning eng ko’p tarqalgan minerali va mis rudalarining asosiy minerali. Konlari Rossiya Federatsiyasi (Norilsk), Qozog’iston (Jezqazgan), Kanada, Ispaniya, Buyuk Britaniya, AQSh, Markaziy Afrikada mavjud. O’zbekistonda Olmaliq, Qo’ng’irot, Qo’rg’oshinkon, Qalmoqqir, Qo’shbuloq, Qoramozor konlarida topilgan.