Xalkozin
Xalkozin (Yunoncha Chalkos mis), mis yaltirog’i — sulfidlar sinfiga mansub mineral. Kimyoviy tarkibi Cu2S; aralashma holida Ag, ba’zan Fe, Co, Ni, As bo’ladi. Romb va geksagonal singoniyada kristallanadi. Odatda, tuproqsimon massalar holida uchraydi. Rangi qo’rg’oshinga o’xshash, kulrangdan qoragacha. Metalldek yaltiroq, xira, mo’rt va oson bolg’alanuvchan. Qattiqligi 2,5—3; zichligi 5,5— 5,8 g/sm3. Elektr o’tkazuvchan. Mis rudalari tarkibiga kiradi. Yer yuzasida oksidlanish natijasida Xalkozin hisobiga kuprit, malaxit, azurit, tug’ma mis va misning boshqa minerallari hosil bo’ladi. Xalkozinning gipogen va gipergen turlari ma’lum. Asosiy massasi ekzogen sharoitda, mis sulfid konlarining ikkilamchi sulfidli boyish zonalarida paydo bo’ladi. Xalkozin misga eng boy sulfid, mis eritib olinadigan ruda hisoblanadi. Bornit, xalkopirit va boshqa sulfidlar bilan assotsiatsiyada uchraydi. AQSh, Chili, Afrika, Qozog’iston (Jezqazg’an)da Xalkozin konlari bor. O’zbekistonda Chatqol, Hisor tog’larida topilgan.