Xalq maslahatchilari
Xalq maslahatchilari (O’zbekiston Respublikasida) 1-instantsiyada jinoyat va fuqarolik ishlarini ko’rishda qatnashish uchun saylangan fuqarolar. Ish bo’yicha qaror chiqarishda sudya bilan teng xuquqqa ega. Odatda, ishni ko’rayotgan sud tarkibiga 2 nafar xalq maslahatchisi kiradi. Odil sudlovni amalga oshirishda fuqarolar Xalq maslahatchilari sifatida qatnashishi ularning fuqarolik burchi hisoblanadi. Sud tarkibida Odil sudlovni amalga oshirishda Xalq maslahatchilari mustaqiddirlar va faqat qonunga bo’ysunadilar. Xalq maslahatchilarining suddagi faoliyatiga hech qanday aralashuvga yo’l qo’yilmaydi, bunday aralashuv qonun bo’yicha javobgarlikka olib keladi. Sud tarkibida faoliyat ko’rsatayotgan davrda xalq maslahatchisi uning roziligisiz bo’shatilishi yoki boshqa ish joyiga o’tkazilishi mumkin emas. Xalq maslahatchilarining shaxsi daxlsizdir. Xalq maslahatchilariga nisbatan jinoyat ishi faqat O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxs tomonidan qo’zg’atilishi mumkin. Xalq maslahatchilari 25 yoshdan kichik bo’lmagan O’zbekiston Respublikasi fuqarosi orasidan turar joy yoki ish joyi bo’yicha fuqarolar yig’inida ochiq ovoz berish orqali 2,5 yil muddatga saylanadi. Xalq maslahatchilarining huquqiy maqomi O’zbekiston Respublikasining “Sudlar to’g’risida”gi (yangi tahriri) qonunida (2000 yil 14 dekabr) ko’rsatib berilgan (62-modda).