Xalq teatri qayerdan va qay tariqa vujudga kelgan?
Siz, rus xalq teatri qanday va qachon vujudga kelgani haqida hech o’ylab ko’rganmisiz? Uning ildizlari asrlar qa’ridan suv ichada. Teatrnamo voqealarning unsurlari “Na svyatki” va “Maslenitsa” singari taqvimiy marosim o’yinlarida mavjud bo’lgan. Ularni muqallidlar — ro’dapolar, shaytonlar, ajinalar, marhumlar kiyimini kiyib olgan kishilar o’ynashardi. Muqallidlikning qadimgi ma’nosi — zamin, odamlar va hayvonlar mo’l-ko’l hosil berishi va o’zlaridan ko’payishlari, shuningdek ularga nisbatan mehr-shafqatli bo’lishi uchun so’z vositasida ta’sir o’tkazishdir. Keyinchalik, muqallidlarga hayvonlar — turna, tulki, shuningdek tomoshabinga yaxshi tanish shaxslar-temirchi, askar, savdogar, lo’li qo’shiladi. Muqallidlar tomoshabingga yaqin va tushunarli bo’lganlarni — salot qalimalarini chalkashtiridigan savodsiz ruhoniyni, ikki ojizning aytishuvini, eru xotining dildan suhbatini, nikoh to’yini, dafn marosimini tasvirlashar edi. “Na svyatki” o’yinlarida ixchamgina pyesachalar — xalq qo’shiqlari, qisqa ertaklar va latifalar tomoshasi o’ynalar edi. Birin-sirin ham cholg’u asboblarini chaladigan, ham fokus ko’rsatadigan, ham tentak pomeshchikni tasvirlay oladigan yoki shalviragan erni gavdalantiradigan anchayin iste’dodli ijrochilar ajralib chiqa boshlaydi. Ularni masxarabozlar deb atashardi. Tomoshalarning marosimiy ahamiyati unutila boshladi va ular shunchaki kishilarning ko’nglini xushlaydigan bo’lib bordi. Masxarabozlar qishloqlar va shaharlar bo’ylab kezib yurishar, yoymabozor paytida, maydonlarda va maxsus qurilgan saroylarda — balaganlarda tomoshalar ko’rsatishar edi. Balaganlarda yetarli darajada katta hajmdagi pyesalar— “Qayiqcha”, “Ermak”, “Podishoh Maksimilian” singari xalq dramalari o’ynalardi. Xalq masxarabozlarning quvnoq va tig’dor yumorini juda-juda xush tutardi. Ammo hokimiyat va cherkov ularni buzg’unchilar va sayoqlar sifatida ta’qib qilar, 1648 yilda ularning tomoshalarini taqiqlovchi farmon chiqqan edi. Ammo butun ta’qiblarga qaramay, masxarabozlik san’ati yashab qolaverdi va tomoshabinlarni xushnud etaverdi. Rus xalq teatri shu tariqa dunyoga kelgan.