XALQARO MEHNAT TASHKILOTI

XALQARO MEHNAT TASHKILOTI (XMT) — BMTning ixtisoslashgan muassasasi. 1919-yilda Millatlar ligasi (ittifoqi) huzurida mehnat qonunlari va mehnat sharoitlarini yaxshilash masalalari bo’yicha konvensiya va tavsiyalarni ishlab chiqish uchun xalqaro komissiya sifatida tuzilgan; Xalqaro mehnat tashkiloti 8 soatlik ish kuni, onalikni himoya qilish, bolalar mehnatiga oid qonunlar va ish o’rinlarida xavfsizlikni ta‘minlash yuzasidan xalqaro me‘yorlar ishlab chiqilishiga, ish bilan bandlik dasturlarini tayyorlashga katta hissa qo’shdi. Xalqaro mehnat tashkilotiga 182 dan ortiq davlat a‘zo (2014). O’zbekiston Respublikasi 1992-yil mart oyida Xalqaro mehnat tashkilotiga a‘zo davlatlar tarkibiga kirgan. Hozirgi vaqtga qadar O’zbekiston XMTning 13 Konvensiyasini (shu jumladan 8 ta asos soluvchi Konvensiyalarning 7 tasini) ratifikatsiya qildi. Bu tashkilot mehnat sharoitlarini muhofaza qilish va yaxshilash, ish bilan to’liq bandlikni ta‘minlash va turmush darajasini ko’tarish, tadbirkorlar va mehnatkashlar o’rtasida hamkorlikni rag’batlantirish choralarini ishlab chiqish uchun hukumatlar, tadbirkorlar va mehnatkashlarni teng huquqlarda birlashtiradi. Xalqaro mehnat tashkiloti tarkibi Xalqaro mehnat konferensiyasi; ma‘muriy kengash; xalqaro mehnat byurosi; uch tomonlama qo’mitalar; mintaqaviy va maxsus konferensiyalardan tashkil topgan. Qarorgohi Jenevada.