Xalqaro moliya korporatsiyasi
Xalqaro moliya korporatsiyasi, XMK (IFC, International Finance Corporation) — BMTning ixtisoslashtirilgan muassasasi; Jahon banki guruhiga kiradi. 1956 yilda xalkaro tiklanish va taraqqiyot banki (XTTB) ning filiali tarzida tashkil etilgan, keyinchalik mustaqil yuridik shaxs. A’zo davlatlar soni 174 ta (1998). Shtabkvartirasi Vashingtonda. XMK ning oliy organi — Boshqaruvchilar kengashi va direktorat (24 ijrochi direktorlar)ga XTTBning boshqaruvchilari va ijrochi direktorlari kiradi va ular XMKda ham tegishli lavozimlarni egallaydilar. XTTB prezidenti XMKning ham prezidenti hisoblanadi. XMKning ijrochi vitseprezidenti umumiy boshqaruv va korporatsiyaning joriy operatsiyalariga javob beradi. Bundan tashqari XMKda 7 ta vitseprezident bo’lib, ular 5 mintaqaviy [Afrika (Saxara Janubrog’idan), Osiyo; O’rta Osiyo, yaqin Sharq va Shimoliy Afrika; Yevropa; Lotin Amerikasi va Karib havzasi] va 4 tarmoq (agrobiznes; kimyo, neft kimyosi va o’g’itlar; infratuzilma; neft, gaz va tog’-kon sanoati) departamentlari ishini nazorat qiladi. XMK huzurida bank ishlari maslahat komissiyasi faoliyat ko’rsatadi. Korporatsiyaning rasmiy maqsadlari: xususiy sektorga molshshiy yordam ko’rsatish bilan rivojlanayotgan mamlakatlarning iqgisodiy o’sishiga ko’maklashish, shuningdek, ishlab chiqarish sohasida tadbirkorlikni rag’batlantirish orqali a’zo mamlakatlarning iqtisodiy o’sishiga yordam ko’rsatish. XMK faqat yuqori rentabelli loyihalarga kreditlar ajratadi. Qarzlar 15 yilga qadar muddat bilan ssuda kapitali bozoridagi o’rtacha yillik foiz stavkalaridan yuqoriroq foiz stavkalarida beriladi. 1961 yildan korporatsiya kreditlar ajratish bilan birga qurilayotgan korxonalar aktsiyadorlik kapitaliga investitsiyalar kiritish va keyinchalik bu aktsiyalarni xususiy investorlarga sotishni ham amalga oshiradi. Korporatsiya ishtiroki hissasi, odatda, aktsiyadorlik kapitalining 1/5 qismidan ortiq bo’lmaydi. 1986 yilda XMKda xorijiy investitsiyalar bo’yicha maslahat xizmati tashkil etilgan. Bu xizmat hukumatlarga uzoq muddatli rivojlanish ehtiyojlari uchun kapital jalb etish, maqbul investitsiya muhitini yaratish uchun Qonunchilik, strategiyalar, qoida va tartiblar masalalarida maslahatlar beradi. XMK moliyalashtirishda hukumatlar kafolatlarini qabul qilmaydi va xususiy moliya tuzilmasi tarzida o’zining moliyaviy va boshqa xizmatlarini bozor narxlarida taqdim etadi. XMK tashkil etilgan paytdan boshlab 2004 yilgacha jahonning 140 ta rivojlanayotgan davlatlarining 2825 ta kompaniyasini moliyalashtirish uchun 34 milliard AQSh dollaridan ortiq mablag’larini yo’naltirgan. 2002 yilda Toshkentda XMKning missiyasi ish boshladi. Korporatsiya O’zbekistonda xususiy sektorni rivojlantirishga, ayniqsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga muhim hissa qo’shib kelmoqda. 2002 yilda XMK O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni kreditlash uchun 45,0 million AQSh dollari ajratdi. 21-asr boshidan O’zbekistonda XMK ning “Markaziy Osiyoda lizingni rivojlantirish bo’yicha loyiha”si amalga oshirilmoqda. 2002 yil oxirlarida XMK Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda “O’zbeklizing Interneshnl” kompaniyasiga 4,5 million AQSh dollari miqdorida kredit liniyasini ochdi. Xo’jayor Shennayev.