XALQARO QIZIL XOCH VA QIZIL YARIM OY HARAKATI

XALQARO QIZIL XOCH VA QIZIL YARIM OY HARAKATI — umumjahon insonparvarlik harakati. 1863-yilda asos solingan. Mazkur harakat 3 tuzilma – Xalqaro Qizil xoch qo’mitasi (HQXQ); Xalqaro Qizil xoch va Qizil yarim Oy jamiyatlari federatsiyasi (XQX va QYOJF): Qizil Xoch va Qizil yarim Oy Milliy jamiyatlari (MJ)dan iborat: Xalqaro qizil xoch va qizil yarim oy harakati har uch tuzilmasining faoliyat vakolatlari Xalqaro qizil xoch va qizil yarim oy harakatining Ustavi (1986) va Sevilya bitimi (1999) asosida belgilangan. Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi insonparvarlik tashkilotidir. Asosan, qurolli to’qnashuvlarda jabrlanganlar, quruqlik va dengizdagi yarador va bemor harbiy xizmatchilar, harbiy mahbuslar, fuqaro aholiga yordam berish, shuningdek, harbiy nizolar va boshqa favqulodda vaziyatlar oqibatida ajrashib qolgan hamda bedarak yo’qolgan shaxslarni qidirish vazifasini bajarib, betaraf vositachi sifatida insonparvarlik yordami ko’rsatadi. Tinchlik sohasidagi faoliyat uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlangan (1917, 1944, 1963-yillar). Qarorgohi Jeneva shahrida. Xalqaro Qizil Xoch va Qizil yarim Oy jamiyatlari federatsiyasi 1919-yil tuzilgan insonparvarlik tashkiloti. Dunyoning 190 ga yaqin mamlakatlarning Milliy jamiyatlarini birlashtiradi. Asosan, tabiiy ofatlarga tayyorlanish va ularga munosabat bildirishda Milliy jamiyatlarga yordam berish, tabiiy ofatlar, texnikaviy va sanoatdagi avariyalar, falokatlarda alohida xalqaro insonparvarlik yordami ko’rsatishga oid amallarni tashkil etish va muvofiqlashtirish, aholi salomatligi profilaktikasi, eng muhtoj kishilarga qarash va ularga tibbiy ijtimoiy yordam ko’rsatishni ta‘minlash, aholini birinchi yordam ko’rsatishga o’qitish, ko’ngillilikni rivojlantirish vazifasi bilan shug’ullanadi. O’zbekiston Qizil yarim Oy jamiyati 1925-yil tashkil etilgan bo’lib, sobiq SSSRning Qizil Xoch va Qizil yarim Oy jamiyatlari uyushmasi tarkibiga kirar edi. 1992 yilda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining ―O’zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati haqidagi farmoniga binoan mustaqil Milliy jamiyat maqomiga erishdi. 1995-yilda Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi tomonidan e‘tirof etilib, Xalqaro Qizil Xoch va Qizil yarim oy jamiyatlari federatsiyasiga a‘zo bo’ldi.