Xalqaro qizil xoch va qizil yarim oy harakati
Xalqaro qizil xoch va qizil yarim oy harakati – umumjahon insonparvarlik harakati. 1863 yilda asos solingan. Mazkur harakat 3 tuzilma — xalqaro Qizil xoch qo’mitasi (HQXQ); xalqaro qizil xoch va Qizil yarim oy jamiyatlari federatsiyasi (XKX va QYAOJF): Qizil Xoch va Qizil yarim oy Milliy jamiyatlari (MJ)dan iborat: Xalqaro qizil xoch va qizil yarim oy harakati uchchala tuzilmasining faoliyat vakolatlari Xalqaro qizil xoch va qizil yarim oy harakatining Ustavi (1986) va Sevilya bitimi (1999) asosida belgilangan. Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi insonparvarlik tashkilotidir. Asosan, qurolli to’qnashuvlarda jabrlanganlar, quruqlik va dengizdagi yarador va bemor harbiy xizmatchilar, harbiy mahbuslar, fuqaro aholiga yordam berish, shuningdek, harbiy nizolar va boshqa favqulodda vaziyatlar oqibatida ajrashib qolgan hamda bedarak yo’qolgan shaxslarni qidirish vazifasini bajarib, betaraf vositachi sifatisa insonparvarlik yorsami ko’rsatadi. Tinchlik sohasidagi faoliyat uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlangan (1917, 1944, 1963 yillar). Qarorgohi Jeneva shahrida. Xalqaro qizil Xoch va Qizil yarim oy jamiyatlari federatsiyasi 1919 yil tuzilgan insonparvarlik tashkiloti. Dunyoning 181 mamlakati Milliy jamiyatlarini birlashtiradi (2004). Asosan, tabiiy ofatlarga tayyorlanish va ularga munosabat bildirishda Milliy jamiyatlarga yordam berish, tabiiy ofatlar, texnikaviy va sanoatdagi avariyalar, falokatlarda alohida xalqaro insonparvarlik yorsami ko’rsatishga oid amallarni tashkil etish va muvofiqlashtirish, aholi salomatligi profilaktikasi, eng muhtoj kishilarga qarash va ularga tibbiy-ijtimoiy yordam ko’rsatishni ta’minlash, aholini 1-yordam ko’rsatishga o’qitish, ko’ngillilikni rivojlantirish vazifasi bilan shug’ullanadi. XQX va QYAOJF faoliyatini Kotibiyat ta’minlab turadi. U Jeneva shahrida joylashgan. Qizil Xoch va qizil yarim oy Milliy jamiyatlari — hukumatlari Jeneva konventsiyalariga imzo chekkan mamlakatlardaga Milliy jamiyatlar. Qoidaga ko’ra, har bir mamlakatda faqat bitta Qizil Xoch yoki Qizil yarim oy Milliy jamiyati tuzilishi mumkin. O’zbekiston Qizil yarim oy jamiyati 1925 yil tashkil etilgan bo’lib, sobiq SSSRning Qizil Xoch va Qizil yarim oy jamiyatlari uyushmasi tarkibiga kirar edi. 1992 yilda mustaqil Milliy jamiyat maqomiga erishdi. 1995 yilda xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi tomonidan e’tirof etilib, xalqaro Qizil Xoch va Qizil yarim oy jamiyatlari federasiyasiga a’zo bo’ldi. Mixail Kremkov.