Xalqaro shartnoma
Xalqaro shartnoma – davlatlar yoki xalqaro huquqning boshqa sub’yektlari o’rtasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy yoki boshqa sohalarga oid o’zaro huquq va majburiyatlarni belgilab beradigan kelishuv; xalqaro huquqning asosiy manbai. Xalqaro shartnoma 2 tomonlama va ko’p tomonlama shartnomalarga bo’linadi. Ko’p tomonlama shartnoma ochiq bo’lishi (unga boshqa davlatlar qo’shilishi) va yopiq bo’lishi (unga boshqa davlatlar Xalqaro shartnoma ishtirokchilarining roziligi bilangina qo’shilishi) mumkin. Xalqaro shartnomaning nomlari turlicha: shartnoma, bitim, Konventsiya, pakt, deklarasiya, memorandum statut, protokol, ustav, bayonot va boshqalar. Xalqaro shartnoma muddati tugagandan keyin, unda belgilangan majburiyatlar bajarilgach, taraflarning o’zaro kelishuvi bo’yicha va denonsasiya yo’li bilan amal qilishdan to’xtaydi. O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, Xalqaro shartnomalarda teng, mustaqil mamlakat sifatida qatnashadigan bo’ldi va ko’pdan ko’p Xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qildi. Mamlakatimizning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa sohalardagi barcha xalqaro huquqiy munosabatlari O’zbekiston Respublikasining “xalqaro shartnomalar to’g’risida”gi qonuni (1995 yil 22 dekabr) bilan tartibga solinadi.