Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki
Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, XTTB (IBRD, International Bank for Reconstruction and Development) — BMTning ixtisoslashgan muassasasi, Jahon banki guruhiga kiradi. Xalqaro valyuta fondi bilan bir vaqtda, BMTning 1944 yilda Brettonvuds (AQSh)da o’tkazilgan xalqaro valyuta-moliya konferentsiyasi qaroriga ko’ra tashkil etilgan. 1946 yildan o’z faoliyatini boshlagan. A’zo davlat soni — 181 ta (1999). Unga faqat davlatlargina a’zo bo’lishi mumkin. Shtabkvartirasi Vashingtonda. Bank daromadi o’rtacha va daromadi past mamlakatlarga qarz beradi va yordam ko’rsatadi. Bankning rasmiy maqsadlari: ishlab chiqarish maqsadlari uchun kapital qo’yilmalarni rag’batlantirish yo’li bilan a’zo davlatlarning tiklanish va taraqqiyotiga ko’maklashish; ishlab chiqarish maqsadlaridagi xususiy chet el investitsiyalarini rag’batlantirish; uzoq muddatli muvozanatlangan o’sishni va bank a’zolari bo’lgan davlatlarning ishlab chiqarish resurslarini rivojlantirish uchun xalqaro investitsiyalarni rag’batlantirish yo’li bilan to’lov balansining barqarorligini saqlashga ko’maklashish va boshqalar. Bank ustav kapitali a’zo davlatlarning bank aktsiyalarini sotib olishi hisobiga shakllanadi. Bankda paylarning 40% dan ko’prog’i yetakchi rivojlangan mamlakatlar — AQSh, Yaponiya, GFR, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Kanada va Italiya hissasiga to’g’ri keladi. XTTBning oliy organi — Boshqaruvchilar kengashi. Har bir a’zo davlat Kengashda moliya yoki rejalashtirish vaziri darajasidagi va 5 yilga tayinlanadigan bir boshqaruvchi (va bir o’rinbosar)ga ega. Bosh ijroiya organ — ijrochi direktorlar kengashi. 24 ijrochi direktordan 5 tasi bankning yirik aktsiyadorlari bo’lgan mamlakatlar (AQSh, Yaponiya, Germaniya, Frantsiya, Buyuk Britaniya) tomonidan, qolgan 19 tasi mamlakatlar guruhlari tomonidan tayinlanadi. Bankni prezident boshqaradi. Boshqaruvchilar kengashi sessiyalari yilda 1 marta o’tkaziladi. Mamlakatlar XTTB kapitalidagi o’z payi salmog’iga mutanosib ovoz huquqiga ega. Bankda rivojlanayotgan mamlakatlarga moliyaviy resurslar ajratish masalalari bo’yicha Taraqqiyot qo’mitasi — XXTB va XVF Boshqaruvchilar Kengashlarining qo’shma qo’mitasi mavjud. Bank kreditlarini moliyalashtirishning asosiy manbai — ssuda kapitali bozorlarida mablag’larni jalb etitshdir. Xususiy banklar va boshqa kredit muassasalari amalda kredit xatari bo’lmagan yuqori foiz stavkalari (6% dan ortiq) evaziga bank obligasiyalarini sotib oladilar. Bank hukumatlarga va davlat kafolati bilan xususiy korxonalarga qarz beradi, ayni paytda muttasil sof daromad ham oladi. 1994 yilda Vashington, London, Parij, Tokioda a’zo mamlakatlardagi loyihalar to’g’risida axborotlar beradigan yangi axborot markazlari tashkil etdi. 1998 yilda bank 21,1 milliard dollar qarz berib, uning sof foydasi 1,2 milliard dollarni tashkil etdi. Odatda, bank ob’yekt qiymatining 30% ga yaqin qismini qoplaydigan kreditlar beradi, uning qolgan qismi ichki yoki boshka tashki manbalar hisobiga qoplanishi lozim. Kreditlar ssuda kapitali bozoridagi foiz stavkalari darajasi bilan belgilanadigan yuqori foizlarda 20 yilgacha muddatga beriladi. Bank kreditlarining asosiy qismi energetika, transport, aloqa va infratuzilmaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirishga mo’ljallanadi. Bank o’z faoliyatini boshlaganidan beri (1998 yilning 30 iyuniga qadar) eng ko’p qarz olgan mamlakatlar (milliard dollar): Meksika (29,1), Braziliya (25,7), Hindiston (25,4), Indoneziya (24,4), Xitoy (21,4), Argentina (14,5), Koreya Respublikasi (13,5), Turkiya (13,2), Filippin (9,9), Rossiya (9,8). Bank kreditlar ajratishdan tashkari mamlakatlarga loyihalarni tayyorlashda yordam ko’rsatadi. 1992 yil O’zbekiston XTTB ga a’zo bo’lib kirdi va 1993 yilda uning vakolatxonasi Toshkent shahrida faoliyat ko’rsata boshladi. 1993 yil noyabr oyida O’zbekiston uchun mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish, moliyaviy sektorni rivojlantirish bo’iicha tarkibiy yo’nalish va dasturlarni ishlab chiqishni moliyalashtirish uchun 21,0 million AQSh dollari miqdorida dastlabki qarz mablag’lari ajratdi. 1994-2000 yillarda bank tomonidan O’zbekiston Respublikasi hududida turli loyihalarni moliyalashtirish maqsadida jami 458,0 million dollar miqdorida qarz mablag’lari ajratildi. Ulardan eng yiriklari mamlakatimizda paxtachilikni rivojlantirishga (66,0 million dollar) va suv ta’minoti, sanitariya va salomatlik tadbirlarini moliyalashtirishga (75,0 million dollar) sarflandi. 2003 yilda Jahonbankining direktorlar kengashi O’zbekistonga 60,0 million dollar mikdorida (uning yarmi XTTB tomonidan 20 yil muddatga imtiyozli foiz stavkalarida) kredit mablag’lari ajratish to’g’risida qaror qabul qildi. Xo’jayor Shennayev.