Xalqaro tillar

Xalqaro tillar — turli davlatlar xalqlarining aloqa vositasi bo’lib xizmat qiladigan tillar. Tabiiy tillarga va sun’iy tillarga bo’linadi. Tabiiy Xalqaro tillarning xalqarolik vazifasi aniq bo’lsada, milliy yoki qabilaviy tillardan foydalanishga nisbatan ikkinchi darajali hisoblanadi. Sun’iy Xalqaro tillarning xalqarolik vazifasi birlamchi hisoblansada, ular har doim ham ro’yobga chiqmagan, chunki bunday tillarning hammasi ham millatlararo aloqa aralashuv amaliyotida qo’llanavermagan. Tabiiy Xalqaro tillar qadimda va o’rta asrlarda mintaqaviy xarakterga ega bo’lgan (ularning qo’llanishi muayyan mintaqa, hudud bilan chegaralangan). Chunonchi, Qadimgi Sharq xalqlarida aloqa vositasi sifatida Xitoy tili (ieroglifik shaklda), G’arbiy Osiyoning qadimgi davlatlarida turli davrlarda Shumer, Akkad va oromiy tillari qo’llangan. Yunon tili ellinistik dunyoning, lotin tili esa turli tillarda so’zlashuvchi Rim imperiyasining umumiy tili bo’lgan. O’rta asrlarga kelib yaqin Sharq hududida Arab va fors tillari, slavyan mamlakatlarida esa qadimgi slavyan tili Xalqaro tillar vazifasida qo’llana boshlagan. Yangi davrda, ma’lum ob’yektiv sabablar tufayli avvaddan saqlanib qolgan mintaqaviy Xalqaro tillar guruhi bilan bir qatorda dunyo miqyosida qo’llanuvchi Xalqaro tillar (jahon tillari) ham paydo bo’ldi. U yoki bu tilning Xalqaro tillar darajasiga ko’tarilishi estralingvistik (siyosiy, iqtisodiy va madaniy) va lingvistik (til funktsional tizimlarining rivojlanganligi, sohaviy terminologiyalarning mavjudligi va boshqalar) omillar yig’indisi bilan belgilanadi. Jahon tillari soni tobora ortib bormoqda. 18-asrdan so’ng (“frantsuz tili umumiy til bo’lgan asr” deb ham nomlanadi) astasekin ingliz va nemis tillari, 20-asrdan esa rus va boshqa bir qancha tillar jahon miqyosida qo’llana boshladi. Xalqaro tillarning xalqaroligi ularning xalqaro tashkilotlar yoki konferentsiyalarning (BMT, YUNESKO) “rasmiy” yoki “ishchi” tili sifatida tan olinishi tufayli ushbu maqomda yuridik jihatdan mustahkamlanishi bilan belgilanadi (masalan, ingliz, Arab, ispan, Xitoy, rus, frantsuz tillari BMTning rasmiy va ishchi tillari hisoblanadi). Xalqaro tillarni ko’p millatli davlat ichida qo’llanuvchi, millatlararo aloqa vositasi hisoblanuvchi tillardan farqlash kerak. Ba’zi tillar ham xalqaro, ham millatlararo til sifatida qo’llanishi mumkin (masalan, rus va Xitoy tillari). Sun’iy Xalqaro tillar deganda alokaaralashuv uchun maxsus shakllantirilgan yasama kommunikativ tizimlar tushuniladi. Lotin tilining xalqarolik vazifasi susayishi munosabati bilan 17-asrdan boshlab sun’iy tillarning kuplab loyihalari paydo bo’la boshladi. 1629 yilda frantsuz faylasufi R.Dekart lingvoloyihalash nazariyasiga asos soldi. 17— 19-asrlarda sun’iy tillarni yaratuvchilar ko’pincha tabiiy tillarni nomukammal tillar sifatida tanqid qilib, sun’iy tillarni tabiiy tillarga almashtirilishi zarur bo’lgan universal tillar deb baholaganlar. 18-asr o’rtalarida xalqaro aloqaning maxsuslashgan vositasi hisoblangan va tabiiy tillar bilan yonmayon mavjud bo’lgan sun’iy tilning yordamchilik, vositachilik xususiyati haqida tasavvur shakllandi. 1879 yilda yaratilgan volapyuk ham og’zaki, ham badiiy ijod sohasidagi aloqa doirasida qo’llangan dastlabki sun’iy tildir. 1884-89 yillarda volapyuk tarafdorlarining 3 ta xalqaro konferentsiyasi o’tkazilgan, unda dunyoning turli mamlakatlarida bir necha o’nlab gazeta va jurnallar nashr etilgan bo’lsada, bu harakatlar uzoq davom etmadi. Faqat esperantotina (1887 yilda yaratilgan) keng ommalashib, unda ko’p kishilar so’zlashadigan bo’ldi. Shunday bo’lsada, esperanto har doim tor doiradagi yordamchi, ikkilamchi til sifatida qo’llangan. Sun’iy tillardan ido (1907), oktsidental (1921-22) va interlingva (1951) ham u qadar muvaffaqiyat qozonmay, tor kommunikativ doirada qo’llanib kelmoqda, lekin mazkur sun’iy Xalqaro tillarning barchasi g’arbiy tillar materiallari negizida shakllangan bo’lib, Sharq tillari uchun begona hisoblanadi. O’tgan asrning 90-yillarida O’zbekistonda va bir qator turkiyzabon davlatlarda turkiy xalqpar uchun mushtarak bo’lgan xalqaro til — o’rta turk tilini yaratishga va joriy qilishga urinishlar, da’vatlar bo’lgan bo’lsada, bu urinishlar hozircha bironbir ijobiy natija bergani yo’q. Haqiqiy Xalqaro tillar faqat tarixiy jarayonda aniq mavjud bo’lgan milliy tillar bazasida vujudga kelishi mumkin. Ad.: Svadost E.P., Kak vozniknet vseobtshiy yazik? M., 1968; Problemi interlingvistiki, M., 1976; Reformatskiy A.A., Vvedenie v yazikovedenie, M., 1998. Abduvahob Madvaliyev.