Xaltalilar

Xaltalilar (Metatheria), qopchiqlilar — tirik tug’uvchi sut emizuvchilar infrasinfi (ayrim ma’lumotlarga ko’ra, turkum). Gavdasining uzunligi 4 santimetrdan 160 santimetrgacha. Ko’pchilik Xaltalilar urg’ochisida bolasi xalta ichida rivojlanadi. Xalta ichida sut bezlari so’rg’ichi bo’ladi. Bosh miyasi tuban tuzilgan. Yo’ldosh (bandikutdan tashqari) hosil bo’lmaydi. Bo’gozlik davri 12,5—45 kun, bolasi nimjon (uzunligi 0,5—3 santimetr) tug’iladi, ko’pincha xaltasi ichidagi sut bezi so’rg’ichiga yopishib olib, 250 kun davomida rivojlanadi. Sut maxsus muskullar yordamida bolasi og’ziga siqib chiqarib turiladi. 1 turkumi va 9 oilasi (opossiumlar, yirtqich Xaltalilar, xaltali chumolixo’rlar, xaltali ko’rsichqonlar, bandikutlar, vombatlar, kengurular va boshqalar) mavjud. Avstraliya, Tasmaniya, Yangi Gvineya, Janubiy, Markaziy va shimoliy Amerika, ayrim Katta zond orolida tarqalgan. Yangi Zelandiyada ham iqlimlashtirilgan. Raqobat kiluvchi yo’ldoshli sut emizuvchilarning bo’lmasligi tufayli Xaltalilar Avstraliyada ular bilan konvergent belgilarga ega bo’lgan bir qator formalarni hosil qilgan. Xaltalilar turlar soni (2400 ga yaqin) bo’yicha hoz. sut emizuvchilarning 6%ini tashkil etadi. Lekin ular adaptiv radiatsiya jihatdan qolgan barcha sut emizuvchilar kabi xilma-xil. Ayrim turlari qishloq xo’jaligiga ziyon keltiradi. Bir qancha turlari terisi va go’shti uchun ovlanadi. 21 turi Xalqaro qizil kitobga kiritilgan.