Xamsachilik

Xamsachilik — Sharq xalqlari adabiyotida dostonnavislik shakllaridan biri; “Xamsa” yozish bilan bog’liq adabiy an’ana. Nizomiy Ganjaviy asos solgan. Ijodkorlar Nizomiy “Panj ganj”ini (“besh xazina”) tashkil etuvchi “Mahzan ulasror”, “Xusrav va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Haft paykar”, “Iskandarnoma” dostonlarining mavzui, syujet va kompozitsiyasi, qahramonlari, vazni, joylashish tartibini saqlagan holda mustaqil asar yaratganlar. Bu badiiy ijodda katta mahorat maktabi sanalgan. Xamsa dostonlarining har biri mavzui, qahramonlari, hatto qo’yilgan masalalarigacha aniqlikka ega bo’lib, bu janrda ijod qilgan yozuvchi o’z mahoratini ana shu an’anaviy vositalar yordamida ko’rsatishi, shu orqali o’z davri ideallarini ifodalashi lozim bo’lgan. An’anaga ko’ra, xamsadagi 1-dostonning asosini falsafiy-axloqiy masalalar tashkil etgan. 2—3-dostonlar sevgi orqali aks ettirilgan ijtimoiy-ma’naviy masalalarni yorituvchi mavzu asosida uyushgan. 4-doston sarguzasht asar bo’lib, unda adolatli shoh masalasi ko’tarilgan. So’nggi doston avvalgilarining xulosasi, umumlashmasi bo’lib, unda ijodkorning ma’naviy-axloqiy, ijtimoiy- siyosiy, falsafiy qarashlari aks etgan. Sharqda badiiy qimmati turlicha bo’lgan 50 dan ortiq xamsalar vujudga kelgan. Xamsaning aloxida dostonlariga javoblar ham yozilgan. Lekin bizgacha bu asarlarning hammasi ham yetib kelgan emas. Xamsa dostonlaridan faqat birigagina javob yozib, yuksak darajada shuhrat qozongan ijodkorlar ham bo’lgan (Fuzuliy, “Layli va Majnun”). Xamsachilikda eng ko’p dostonlar “Layli va Majnun” mavzuida yaratilgan. Keyingi o’rinlarda tegishli ravishda “Xusrav va Shirin”, “Mahzan ulasror”, “Iskandarnoma”, “Haft paykar” mavzuidagi dostonlar turadi. Xamsanavislar uz asarlarida epik-romanik, qahramonlik yoki sufiylik mavzuini birinchi uringa qo’yganlar. Nizomiy Ganjaviy “Xamsa”sining syujet va mavzulari turli xalqlar badiiy adabiyotlariga ta’sir etib, 13— 20-asrlar mobaynida 600 dan ortiq asar yaratilgan. Nizomiy “Xamsa”sini fors tilida yozgan. Boshqa xalqlar Xamsachilik an’anasini o’z tillarida davom ettirganlar. Turkiy, urdu, pushtu, kurd, arman va boshqa tillarda xamsalar yaratilgan. Davrlar utishi bilan muayyan ijtimoiy-siyosiy sharoitda belgilangan mavzu, syujet, kompozisiya, obrazlarga ega bo’lgan “Xamsa” dostonlarining mazmuni, tarkibi o’zgarib borgan. Xamsachilik an’anasi Kavkazorti, O’rta Osiyo, Afg’oniston, Pokiston va Hindiston mamlakatlarida davom ettirilgan. Turkiy xalqlar adabiyotida Xamsachilikka qiziqish 13-14-asrlardan boshlangan. Qutb Xorazmiy Nizomiyning “Xusrav va Shirin” dostonini, Haydar Xorazmiy she’riy shaklini saqlagan holda ayrim o’zgarishlar bilan “Mahzan ulasror” dostonini turkiy tilga tarjima qilgan. Turkiy (o’zbek) tilida “hayrat ulabror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va majnun”, “Sab’ai sayyor”, “Saddi Iskandariy” nomlari bilan 5 Doston — “Xamsa” yaratgan Alisher Navoiy Xamsachilik taraqqiyotiga bekiyos hissa qo’shgan va Xamsachilikni turkiy xalqlar adabiyotida Nizomiy darajasiga ko’tardi. Bunda Navoiy o’zigacha bulgan buyuk xamsanavislar — Nizomiy Ganjaviy, Amir Xusrav Dexlaviy va Abdurahmon Jomiylarni o’ziga ustoz deb bildi va ularning Xamsachilikdagi g’oyaviy-badiiy an’analarini mahorat bilan rivojlantirdi. Xamsachilikni yuqori pog’onaga olib chiqdi. Navoiy Xamsachilikda an’anaviy obrazlar hisoblangan Farhod, Shirin, Dilorom, Layli, Majnun, shohlardan Xusrav, Baxrom, Iskandar obrazlarini yangicha, o’z davri adabiyotining insonparvarlik g’oyalari nuqtai nazaridan talqin etdi. Navoiy “Xamsa”si turli xalqlar dostonchiligining keyingi taraqqiyotiga ijobiy ta’sir qilgan. O’zbek shoiri Xoja (“maqsad ulatvor”), turk shoiri Lomiy va uyg’ur shoiri Nizoriy (“Farhod va Shirin”), Ozarbayjon shoiri Fuzuliy (“Layli va Majnun”) o’zlarining dostonlarini Navoiyning “Xamsa” dostonlari ta’sirida yaratganlar. Navoiy “Xamsa”si ayni vaqtda o’zbek adabiy tilining boyligi, mukammal va rang-barangligini ham namoyish etadi. Ad.: Bertels E. E., Nizami i Fizuli, M., 1962; Bertels E.E., Navoi i Djami, M., 1965; Hayitmetov A., Sharq adabiyotining ijodiy metodi tarixidan, T., 1970; Aliev G., Temi i syujeti Nizami v literaturax narodov Vostoka, M., 1985. Habib Abdunazar.