Xanoy
Xanoy — Vetnam poytaxti, Xongxa daryosining Bakbo qo’ltig’iga quyilish yeridan 175 kilometr masofada joylashgan. Atrofidagi hududlar bilan markazga bo’ysunuvchi ma’muriy birlikni tashkil etadi. Aholisi 1,24 million kishi (1998). Iqlimi mussonli, subekvatorial, yanvarning o’rtacha temperaturasi 16°, iyulniki 29°. Yillik yog’in 1800 mm. Transport yo’llari chorrahasi. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Dengiz avanporti — Xayfon. Xanoy — mamlakatning muhim iqtisodiy va madaniy markazi. Mamlakat sanoat mahsulotining 1/6 qismi Xanoyda ishlab chiqariladi. Mashinasozlik (jumladan, stanoksozlik, transport, elektrotexnika), kimyo, yog’ochsozlik, to’qimachilik (ip gazlama, ipak), oziq-ovqat (jumladan, tamaki), keramika sanoati korxonalari mavjud. Hunarmandchilikda uy-ro’zg’or, badiiy buyumlar tayyorlanadi. Kauchuk qayta ishlanadi. Universitet (1918), politexnika instituti, xo Shi Min maqbarasi, muzeylar, botanika bog’i bor. Me’moriy yodgorliklardan Konfutsiyga bag’ishlangan “adabiyot maskani” ibodatxona majmuasi (1070), Denbo pagodasi (11-asr) va boshqalar saqlangan. Shahar 2 qismdan: Eski shahar va yangi shahardan iborat. Xanoyga 5-asrda (ba’zi ma’lumotlarga ko’ra 8-asrda) asos solingan. 9-11-asrlarda Dayla, 11-asrdan 1833 yilgacha Txanglaung yoki Dongkin deb atalgan. 1804 yilda poytaxt Xyue shahriga ko’chirilgach, Xanoy Vetnam shim. qismining bosh shahri bo’lib qoldi. 19-asrning 80-yillari o’rtalarida tonkiy Fransuz protektoratining ma’muriy Markazi, 1902 yildan Frantsiya Hindixitoyi mustamlakasi ma’muriy markazi. 1976 yil 2 iyuldan Vetnam sotsialistik Respublikasi poytaxti.