Xaryana

Xaryana — Hindiston shtati, Hindgang tekisligida joylashgan. Maydoni 44,2 ming km2. Aholisi 21 million kishi (2001). Ma’muriy markazi — Chandigarh shahri. Shtat 1966 yilda Panjob shtatining bo’linishidan tashkil etilgan. Shuning uchun landshafti, xo’jaligi, rivojlanish darajasi va ixtisoslashuviga kura Panjob shtatiga yaqin. Biroq aholisining aksari qismi Xindi tilida so’zlashadi va hinduizm diniga e’tiqod qiladi. Iqlimi keskin kontinental, quruq iqlim. Yillik yog’in 400 mm gacha. Iqtisodiyotida qishloq xo’jalik yetakchi o’rinda. Asosan, donli ekinlar, paxta, shakarqamish va kartoshka ekiladi. Sanoati qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan. Kichikroq taxta tilish, qog’oz fabrikalari, shakarqand va kraxmal zavodlari, oyna sanoati korxonalari bor. Aniq va jarroxlik, optik asboblar ishlab chiqariladi. Yengil va aniq mashinasozlik, velosiped, traktor zavodlari va neft- kimyo kompleksi ishlab turibdi. Elektr stansiyalar quvvati 3 million kVt (2002).