Xasmol, milkak, panarisiy
Xasmol, milkak, panarisiy — qo’l barmog’i to’qimalarining o’tkir yiringli yallig’lanishi. Ko’pincha barmoqning oxirgi (tirnoq) falangasidagi mayda jarohatga (yoriq, tirnalgan, tikan, zirapcha kirgan, pichoq kesgan, sanchilgan) yiringlatuvchi mikroblar kirishidan paydo bo’ladi. Yallig’lanish yuzada (terida, tirnoq yaqinida) va chuqur (teri ostida) payda, bo’g’imda, suyaqda bo’lishi mumkin. Yuza Xasmolda yiring epidermis ostida yig’iladi; atrofidagi teri qizaradi, og’riydi (asosan, achishish seziladi). Pufak astasekin kattalashadi, bunda yiringli yallig’lanish kamdan-kam hollarda chuqurroq joylashgan to’qimalarga o’tadi. Tirnoq yaqinidagi Xasmolda yiringli pufak tirnoq gardishi terisida hosil bo’ladi. Agar yiring tirnoq ildizi ostiga o’tsa, tirnoq osti Xasmoli deyiladi va bu, odatda, tirnoq ko’chib tushgandan so’ng yo’qoladi. Chuqur Xasmol, odatda, barmoqning kaft yuzasida, avvaliga teri ostida paydo bo’ladi. Bu yuzadagi teri qalin bo’lganidan uning ostida hosil bo’ladigan yiring uzoq vaqtgacha tashqariga yorib chiqa olmaydi, natijada payga, bo’g’imlarga va suyakka o’tadi, ba’zan ularni bir vaqtning o’zida shikastlantiradi. Bunda kuchli og’riq paydo bo’ladi, kasallangan barmoq bezillab turadi. Barmoqni qimirlatganda, uni bukib yozganda og’riqning kuchayishi Xasmolning pay yoki bo’g’imga o’tganligini bildiradi. Xasmolning har qanday shakli va ayniqsa, chuqur Xasmol noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin. Xasmolning oldini olishda barmoqlarni shikastlanishdan asrash, qo’lni toza tutish, tirnoq olshpda ehtiyot bo’lish zarur. Barmoq terisi salgina shikastlanganida uni toza suv bilan yuvib, yod, spirt surtish va o’sha joyni steril bint bilan bog’lash lozim. Xasmolni o’z bilgicha davolash yaramaydi. Davosi: konservativ muolajalar (UVCH, ultratovush, kvars) o’tkaziladi, agar ular naf bermasa jarrohlik usuli qo’llaniladi.